Norov “Tolibon” bilan hamkorlik O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiyaga nima berishini ochiqladi

Jamiyat 6507
image

“Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya uchun umumiy aholisi 1,9 milliard va yalpi ichki mahsuloti $3,5 trillion bo‘lgan Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish uchun noyob imkoniyat yaratadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” muloqot formatining birinchi yig‘ilishida ingliz tilida qilgan nutqida so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, transafg‘on yo‘lagining ishga tushishi bilan katta istiqbollar ochiladi.  

Vazir vazifasini bajaruvchi Norov, joriy yil 26 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga to‘xtalib, unda Afg‘oniston muvaqqat hukumatining yuqori martabali delegatsiyasi ham ishtirok etganini urg‘uladi.  

“Tolibon” harakati vakillari “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar" temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish Afg‘onistonni tiklash uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdilar. 

Ushbu loyihani amalga oshirish Markaziy Osiyo orqali eng yirik subregionlar o‘rtasida yuklarni tashish muddati va narxini sezilarli darajada kamaytiradi hamda mamlakatlarimizga umumiy aholisi 1,9 milliard va yalpi ichki mahsuloti $3,5 trillion bo‘lgan Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish uchun noyob imkoniyat yaratadi”, deydi Norov.  

Uning qayd etishicha, o‘z mintaqalarida o‘tkazish nuqtalari bo‘lib kelgan O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya faqat “tranzit punktlari” funksiyasi bilan cheklanib qolmasdan, mavjud transport yo‘nalishlari bo‘ylab ishlab chiqarish, logistika va savdo punktlarini tashkil etish orqali iqtisodiy yo‘laklarni shakllantirishlari kerak.  

Bu yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga yetkazib berishga imkon beradi. 

Tashqi idora rahbari mavqedoshlariga mamlakatlar yoshlarini umumiy tarixiy meros bilan tanishtirish uchun sayohat paketlarini ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligini, bu, o‘z navbatida, Toshkent, Baku va Anqara o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi. 

Shuningdek, uch mamlakat va mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida muloqotga muntazam tus berishni va har yili uchta mamlakatning har birida navbatma-navbat uchrashuvlar o‘tkazishni taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, yig‘ilishda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush, Transport va savdo vaziri Odil Karaismoilo‘g‘li, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Iqtisodiyot vaziri Mikoil Jabborov, Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyevdan iborat hay’at a’zolari ishtirok etdi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 93
Reyting: 3.1
t
×