Prezident qarorimni qo‘llab-quvvatlaganidan xursandman – Norov nafaqaga chiqqani haqida
Jamiyat
−
21 iyun 2023
12809Sobiq tashqi ishlar vaziri, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Imomovich Norov nafaqaga chiqqani haqida o‘z Twitter sahifasida izoh qoldirdi.
“Davlat idoralari va xorijiy diplomatik missiyalarda 45 yillik faoliyatimdan so‘ng nafaqaga chiqishga qaror qildim. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarorimni qo‘llab-quvvatlaganidan chin dildan minnatdorman”, deb yozgan u Twitter sahifasida.
Ma’lumot uchun, Vladimir Norov 1955 yil 31 avgust kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1972-1976 yillarda Buxoro pedagogika institutini tamomlagan. 1983-1985 yillarda Sovet Ittifoqi ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. Boshqaruv lavozimlaridagi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 2022 yil 27 apreldan 30 dekabrgacha ikki marta O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini boshqargan. 2019 yil 1 yanvardan 2021 yil 31 dekabrgacha Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, 2017 yil 5 maydan 2018 yil 31 dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari, 1996-1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Germaniya, Polsha, Shveysariya, Lyuksemburg va Belgiyadagi sobiq elchisi bo‘lib ishlagan. Norov 2022 yil 30 dekabrdan hozirgacha Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 iyun kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti xodimi QALAMPIR.UZʼga Vladimir Norov nafaqaga chiqqanini ma’lum qilgan edi.