Vladimir Norov Xitoyda mukofotlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri va Shanxay hamkorlik tashkilotining sobiq bosh kotibi Vladimir Norov Xitoyning “Do‘stlik” mukofoti bilan taqdirlandi. U mazkur mukofotni olgan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.  

Uning bildirishicha, joriy yilning 30 sentyabr kuni Pekindagi Xalq vakillari uyida Xitoy hukumatining “Do‘stlik” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Ushbu mukofot Xitoyning modernizatsiyasi va xalqaro hamkorligiga yuksak hissa qo‘shgan xorijiy mutaxassislarga beriladigan eng oliy mukofot hisoblanadi. Bu yil 27 mamlakatdan 50 nafar nufuzli mutaxassis taqdirlangan.

“Men ushbu mukofot sohiblari safida bo‘lganimdan chuqur mamnunman. Ayniqsa, tarixda ilk bor O‘zbekiston vakili bu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lganidan faxrlanaman. Diplomatiya yoki ilmiy faoliyatimda bo‘ladimi, men doimo Xitoy, Markaziy Osiyo va keng xalqaro hamjamiyat o‘rtasida o‘zaro ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga intildim. Shu bois bu mukofot nafaqat shaxsiy sharaf, balki madaniy va insoniy aloqalarning kuchiga bo‘lgan umumiy qarashlarimiz ramzidir”, deydi Norov.

Ma’lumot uchun, Vladimir Norov 1955 yil 31 avgust kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1972-1976 yillarda Buxoro pedagogika institutini tamomlagan. 1983-1985 yillarda Sovet Ittifoqi ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. Boshqaruv lavozimlaridagi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 2022 yil 27 apreldan 30 dekabrgacha ikki marta O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini boshqargan. 2019 yil 1 yanvardan 2021 yil 31 dekabrgacha Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, 2017 yil 5 maydan 2018 yil 31 dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari, 1996-1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Germaniya, Polsha, Shveysariya, Lyuksemburg va Belgiyadagi sobiq elchisi bo‘lib ishlagan. 

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Norov 2023 yilning iyun oyida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori lavozimidan nafaqaga chiqqani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Norov Do'stlik mukofoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing