Norov dunyoni afg‘on fojiasi ortidan keladigan tahdidlardan ogohlantirdi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda dunyoda ro‘y berayotgan jarayonlar, xususan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab Afg‘oniston muammosiga xalqaro hamjamiyatning e’tibori susaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida gapirib o‘tgan. 

“Afsuski, dunyoda yuz berayotgan so‘nggi voqealar tufayli xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonga bo‘lgan e’tibori biroz susaydi”, deydi vazir. 

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonning SHHT makonidagi o‘zaro bog‘liqlik strategiyasi Afg‘onistonning butun Yevroosiyo uchun noyob iqtisodiy va tranzit rolini tiklashga ham xizmat qiladi.

“Afg‘oniston mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili ekanligiga shubha yo‘q. Afsuski, dunyoda yuz berayotgan so‘nggi voqealar tufayli xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonga bo‘lgan e’tibori biroz susaydi. Afg‘on xalqining fojiasi, agar ular gumanitar falokat bilan yolg‘iz qolsa, qochqinlarning yangi oqimlari, giyohvand moddalar tahdidining ko‘payishi va terrorizmning kuchayishiga olib kelishi mumkin”, deydi Norov.

O‘zbekiston tashqi diplomatiya yetakchisining urg‘ulashicha, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining biron-bir davlati Yevroosiyo markazida beqarorlik o‘chog‘ining yanada rivojlanishidan va Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga kelib chiqadigan tahdiddan manfaatdor emas. 

“Bugungi voqelik tashkilotimizdan yanada aniq harakatlarni amalga oshirishni va Afg‘onistonni mintaqaviy tashabbuslarga, shu jumladan, infratuzilma loyihalariga jalb qilishni talab qiladi.

Shu bois SHHT doirasida Afg‘onistonning urushdan keyingi rivojlanish strategiyasiga doir konsolidatsiyalashgan yondoshuvlarni ishlab chiqish, tabiiyki, mamlakatimizning tashkilotga raisligidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biridir”, deydi Norov. 

Afg‘onlararo muloqot

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasida tinchlik muzokaralari 2020 yil 12 sentyabrda Qatar poytaxti Dohada boshlandi.

Afg‘onlararo muzokaralarning boshlanishi, Hukumat va "Tolibon"ning muzokara stoliga kelishida O‘zbekiston, xususan Prezident Mirziyoyevning ishtiroki katta. Mirziyoyev iqtidorga kelgan ilk kunlardanoq dunyo hamjamiyati oldiga afg‘on muammosini yana ko‘ndalang qo‘ydi. U 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekanini ta’kidladi. 

2018 yil 27 mart kuni "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

2020 yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori. 

2020 yilning 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida yana afg‘on muammosiga to‘xtalib, shunday degan edi:

"Biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz".

O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini 2020 yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhda AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi. 

2020 yilning 12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat berdi. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.

Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganidan so‘ng, u Tojikiston, Omon va O‘zbekistonda ekani aytildi. Biroq, yakunda ularning hech biri o‘z tasdig‘ini topmadi. Joriy yilning 18 avgust kuni esa, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Ashraf G‘ani va uning oila a’zolariga boshpana berganini aytgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Vladimir Norov

Baholaganlar

44

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing