Norboyeva oliy ta’limda korrupsiya ildiz otib ketganini tanqid qildi
Jamiyat
−
07 avgust 2020
8290O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Senatning 6-yalpi majlisida mamlakatdagi birorta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng kuchli oliy ta’lim muassasalari 1000 taligiga kirmagani va mamlakatda OTMlarga kirishdan boshlab, bitirgungacha korrupsiya ildiz otib ketganini tanqid ostiga oldi.
“Ta’lim tizimini, ayniqsa, oliy ta’lim korrupsiya illatidan butkul halos etishimiz zarur. Tahlillarga ko‘ra, oliy ta’limda korrupsiya holatlari deyarli barcha bosqichlarda mavjud. Talabalikka qabul qilishdan tortib, o‘qish jarayonidagi sinovlar, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirishgacha bo‘lgan bosqichlarda keng tarqalgan. Ta’lim sifatida bu holatlar salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining xalqaro reytinglardagi o‘rnini ham tushiryapti”, deydi Norboyeva.
Tanzila Norboyeva Senat qoshida xalqaro reytinlar va indekslar bo‘yicha Milliy kengashning faoliyat ko‘rsatayotgani, bundan buyon bu kabi masalalar shaxsiy nazorati ostida bo‘lishini alohida urg‘uladi.
Majlisda senatorlar “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Unda 1997 yilda qabul qilingan qonun bugunga zamon talablariga javob bermasligi qayd etildi. Muhokamalar davomida Senat raisi O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining birortasi xalqaro reytinglardan o‘rin olmaganini tanqid qildi.
“Bugungi kunda birorta ham oliygohimiz dunyodagi kuchli 1000 ta universitetlar reytingiga kira olmagan. 1000 ta! Birortasi kirmagan! Respublikamizdagi eng katta oliygoh O‘zbekiston milliy universiteti ham jahonning 30 mingga yaqin OTMlarining global reytingini tuzuvchi Webometrics xalqaro reytingida 3971-o‘rinda. Boshqa reytinglarda esa 4080-o‘rinda turadi. Shuning uchun ham Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda jahon universitetlari reytingida respublikamiz oliy o‘quv yurtlari o‘rnini oshirish bo‘yicha jiddiy choralarni ko‘rishlari lozim.
Bu faqat reyting uchun emas, agar sifatni oshiradigan bo‘lsak, u yerda xizmat qilayotgan o‘qituvchilarimizning manfaatlariga xizmat qiladi, eng asosiysi, yoshlarimizga zamonaviy sifatli ta’lim beriladi”, deydi Norboyeva.
Yalpi majlisda senatorlar “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladilar.