Norboyeva Quvayt Amirining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
4281Senat Raisi Kuvayt Davlati Amiri Shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Kecha, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Quvayt Davlati elchixonasiga tashrif buyurib, Shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Senat Raisi elchixonadagi ta’ziyalar kitobiga ham o‘z so‘zlarini yozib qoldirdi.
“Quvayt Davlati Amiri Shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh A’lo Hazratlarining vafoti to‘g‘risidagi xabar birodar Quvayt xalqi qatori bizni ham chuqur qayg‘uga soldi.
Ul zot Amirlik taraqqiyoti va ravnaqi, xalqining farovonligini ta’minlash hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini har tomonlama yuksaltirish yo‘lida bor kuch va imkoniyatini, hayotini baxshida etgan, o‘z Vatanining chinakam fidoyi farzandi edi.
O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va istiqbolli hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi va jadal rivojiga katta e’tibor qaratib kelgan davlat arbobi Shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh A’lo Hazratlarining porloq siymosi yodimizda abadiy saqlanib qoladi.
Alloh Subhonahu va Taolodan marhumning ruhini o‘z rahmatiga olishini, oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat ato etishini so‘rab qolamiz”, deyiladi, Senat Raisi ta’ziyanomasida.