Norboyeva Qozog‘iston Prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
06 noyabr 2019
4020Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi.
Qozog‘iston rahbari Tanzila Norboyevaning tashrifi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishi va davlatlararo munosabatlarga qo‘shimcha turtki berishi tufayli katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lib qolmay, balki qator masalalarda bir-birini to‘ldiradi. Shuning uchun muvaffaqiyat qozonishimiz muqarrar. Boz ustiga, biz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan har jabhada hamkorlikni rivojlantirish uchun faol harakat qilishga kelishib olganmiz”, dedi Qosim-Jomart Toqayev.
Qozog‘iston Prezidenti 2018 yilda savdo hajmi 2,5 milliard dollarga yetgani va joriy yilning 9 oyi davomida bu boradagi ko‘rsatkich o‘tgan yilgidan oshib ketganiga urg‘u berdi.
O‘z navbatida, Tanzila Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston Prezidentiga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tanzila Norboyeva Qosim-Jomart Toqayevning davlat rahbari lavozimiga saylanishi uning avvalgi lavozimda tajribali diplomat, obro‘-e’tiborli rahbar va eng asosiysi, Qozog‘istonda davlatchilikni mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida kuchli siyosat olib borgan Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev g‘oyalarini davom ettiruvchisi shaxs sifatidagi faoliyatining e’tirofi ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda bu yil Qozog‘iston yili o‘tkazilishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar xalqlarimiz yaqinlashishiga yorqin misol bo‘layotgani qayd etildi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oliy Majlis Senati delegatsiyasining Qozog‘iston Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlandi.
LiveBarchasi