Norboyeva “qiz o‘g‘irlash” odatiga qanday qaraydi?
Jamiyat
−
13 noyabr 2020
15487O‘zbekistonda qiz o‘g‘irlashni urf-odat, hech narsa qilmaydi deb hisoblovchi odamlar haligacha bor. Bu odatlar asosan Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda saqlanib qolgan, deydi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva qiz olib qochish holatlariga munosabat bildirib.
Norboyeva QALAMPIR.UZ muxbirining ayollarning huquqini buzadigan urf-odatlar bizga qanchalik kerak va bu borada qanday ishlar qilinayapti, degan savoliga javob berarkan shunday deydi:
“Biz barcha faoliyatini qonunlar asosida tashkil qilgan davlatmiz. Hozirgi kunda barcha soxada qonun ustuvorligi ta’minlanyapti. Aynan shu jarayonlarning ichida aytilganidek qiz o‘g‘irlab ketish yoki shunga o‘xshagan bo‘lar-bo‘lmas eskilik sarqitlari hali ham bor. Bu, asosan, Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryo viloyatida kuzatiladi. Bunday holatlar statistikasiga e’tibor berdik. 2018 yilda 9 ta, 2019 yilda 11 ta, 2020 yilning hozirgi vaqtigacha 3 ta qiz o‘g‘irlab ketish holatlari kuzatilgan. Bu holatga IIV tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, JPKning 136-moddasida qat’iy jazo choralari belgilangan.
Yana bir narsani aytish kerak: “Bu, urf-odat hech narsa bo‘lmaydi”, degan gaplar hali ham bor. Shuning uchun biz buni ko‘proq targ‘ibot qilishimiz kerak”, deydi Tanzila Norboyeva.
U so‘zida davom etib, o‘g‘irlangan qizlarning nikohga majburlanishiga ham to‘xtalgan va bunda ikki tomon ham rozi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Buning oldini olish uchun qator vakolatli idoralar birgalikda targ‘ibot ishlarini olib borishi kerakligini aytgn.
“Nikoh ikki tomonning roziligi bilan amalga oshadigan jarayon. Shuning uchun Gender komitetimiz raisi Feruza Farhodovna bu holatga o‘z munosabatini bildirdi. Biz bunday holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Yigit va qiz nikohga o‘z xoxishi bilan kirishi kerak. Bu jarayonda ota-onalarning ham, farzandlarini majburlashga haqqi yo‘q. Bu kabi holatlar bilan keskin kurashishimiz kerak. Bunda bizga Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va IIV yaqindan yordam beradi. Vaziyatni tahlil qilib aynan o‘sha hududlarda ishlarni kuchaytirishimiz kerak. Vodiy tomonlarda bunday hodisalar uchramaydi. Nikohga majburlash qaysi hududlarda ko‘plab uchrasa o‘sha yerda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerak”, deya so‘zini yakunlagan Senat raisi.
LiveBarchasi