Norboyeva g‘azabda! Oilaga tayyorlash kurslariga sarflanayotgan milliardlar havoga uchyapti

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda oilalarni mustahkamlash, yoshlarni oilaga tayyorlashga sarflanayotgan pullar besamar ketayotganidan g‘azabda. Bu haqda u maxsus tahlil o‘tkazgan.

“Mana, bizda oilaga tayyorlash kurslari bor. Men bir haftalik ana shunday kurslarni joriy qilib, milliard-milliard pullarni sovurayotganlardan noroziman. Birinchidan, bunday kurslarda qamrov masalasi 100 foiz bo‘layotgani yo‘q. Ikkinchidan, voyaga yetgan, shakllanib bo‘lgan odamni bir haftaning ichida qanday qilib oilaga tayyorlash yoki reproduktiv masalalarda tarbiyalash mumkin? 

Men tahlil qilib o‘rganayapman – shu masalada davlatimiz mablag‘lari besamar ishlatilayotgan holatlar ham ko‘p. Bunday kurslar umuman natija, foyda berayotgani yo‘q”, deydi Senat raisi 10 oktyabr kuni UNICEF, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan milliy davra suhbatida.

Bunga misol sifatida, u, Farg‘onada mahalla faollarini o‘qitish uchun sarflangan pullarni keltirgan.

“Men Farg‘onaga borib keldim. U yerda mahalla faollarini bir soatlik o‘qitish kurslari uchun psixologlarga davlat byudjetidan 700 mln so‘m ajratilgan ekan. Ular nima karomat ko‘rsatdi? Qanaqa psixolog bo‘ldi? Umuman samarasiz”, deya noroziligini ifodalagan Tanzila Norboyeva.

Senat kattasining aytishicha, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar yoshlarning oilaga yetarli darajada tayyorlanmayotganiga borib taqaladi. Shu sababli Norboyeva yoshlarda oilaga tarbiyani bolalikdan boshlash uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga topshiriq berdi.

“Bog‘chadan boshlab, maktabni bitirguncha, keyin esa oliy ta’limda yoshlarni oilaga tayyorlashni davom ettirish kerak. Shundagina birovni xafa qilmaydigan, qattiq gapirmaydigan, har yili tug‘avermaydigan, o‘ziga qaraydigan, nogiron bolani dunyoga keltirmaydigan, qarindoshiga erga tegmaydigan qiz va qarindoshiga uylanmaydigan yigitlarni hayotga tayyor holda shakllantirib beramiz”, deydi Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva UNICEF Hilola Umarova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing