Norboyeva Devid Kemeron bilan uchrashdi
Jamiyat
−
23 aprel
4037Bugun, 23 aprel kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeronni qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilingan.
Muloqot chog‘ida keyingi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilgani alohida ta’kidlangan.
Suhbat davomida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etilgan.
"Bundan tashqari, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Oliy ta’limda zamonaviy sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, ingliz tilida o‘qitiladigan ta’lim dasturlarini kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.
Devid Kemeron O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, xususan, munosib mehnat tamoyillarini joriy etish, gender tenglikka erishish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etgan.
Uchrashuv jarayonida keyingi yillarda parlamentlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashgani e’tirof etildi. Tomonlar bu borada o‘zaro muloqotni yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashgan.
LiveBarchasi