Norboyeva senatorlarga parlamentning vazifasini eslatib qo‘ydi

Jamiyat

image

Parlamentning asosiy maqsadi, hokimiyatlarning o‘zaro tiyib turish muvozanatini saqlagan holda, xalq manfaatini ta’minlash yo‘lida hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi hamkorlikni o‘rnatishdan iborat. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bugun ochilgan Senatning 36-yalpi majlisidagi nutqida aytib o‘tdi. 

Yalpi majlis avvalida so‘z olgan Norboyeva, parlament bundan buyon Hukumat bilan ishlashda yangicha yondashishi kerakligini urg‘uladi.

“Qo‘mitalar o‘z faoliyati yo‘nalishida hamkorlik qiluvchi tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro aloqa va ishlash uslublarini qaytadan ko‘rib chiqishlari lozim. Bunda hududlarni olamizmi, vazirlik yoki idorani olamizmi, ularni faoliyatini o‘rganish va kamchiliklarni aniqlash bilan cheklanmaslik kerak”, deydi Norboyeva senatorlarga yuzlanib.

Uning eslatishicha, parlament faoliyati mohiyati va mazmuniga ko‘ra qonunlar ijrosini ta’minlashga, ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratini o‘rnatishga qaratilgan.

Norboyevaga ko‘ra, Senatning har bir qo‘mitasi joylarga chiqib, aholi fikrini o‘rganib, kamchiliklarni hal etish bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan birgalikda ishlashi zarur.

“Shu o‘rinda o‘z vakolat va imkoniyatlarimizdan samarali foydalangan holda, vazirlik, idora va hududlar rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitish masalasiga tubdan yangicha yondashishimiz talab etiladi. Eshituv, o‘rganish, so‘rov va boshqa turdagi parlament nazorati instrumentlaridan yanada samaraliroq foydalanish lozim. Shundagina biz, ijro etuvchi organlari faoliyatida ochiqlik, natijadorlik va yuqori sifatni ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz”, deydi Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing