Noma’lum shaxslar Tojmahalni portlatish bilan tahdid qildi
Olam
−
03 dekabr 2024
4812Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Turizm boshqarmasi Agra shahridagi mashhur Tojmahal maqbarasini portlatish bilan tahdid qilingan elektron pochta xabarini oldi. Bu haqda PTI xabar berdi.
Tojmahalning xavfsizligi uchun mas’ul shaxs Sayid Arib Ahmadga ko‘ra, Turizm boshqarmasi tahdidli maktubni darhol politsiyaga taqdim etgan. Shundan so‘ng maxsus guruh, xizmat itlari jamoasi va boshqa xavfsizlik xizmati xodimlari Tojmahal hududini tekshirish uchun yetib borgan. Xavfsizlik tekshiruvi davomida hududda hech qanday shubhali narsa topilmagan.
“Uttar-Pradesh Turizm ofisiga Tojmahalni portlatish bilan tahdid qilingan elektron pochta xabari yuborilgan. Biz elektron pochta mazmuniga muvofiq hech qanday shubhali narsa topmadik”, deydi Arib Ahmad.
Ma’lumot uchun, Tojmahal XVII asrda Boburiylar sulolasi imperatori Shoh Jahon tomonidan uning rafiqasi Mumtoz Mahal xotirasiga atab qurilgan. Ushbu maqbara Hindistonning eng mashhur me’moriy obidalaridan biri bo‘lib, UNESCO’ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va dunyoning yetti yangi mo‘’jizasidan biri sifatida tan olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tojmahalga har yili 7-8 million mahalliy va taxminan 1 millionga yaqin xalqaro turistlar tashrif buyuradi. Ular asosan qish faslida, ayniqsa oktyabr-mart oylari oralig‘ida boradi, chunki bu davrda ob-havo qulay bo‘ladi.
LiveBarchasi