“Noqulayliklar bor”. Putin Rossiyadagi yoqilg‘i tanqisligini tan oldi
Olam
−
13:43 1254 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyada davom etayotgan yoqilg‘i tanqisligi aholiga “muayyan noqulayliklar” tug‘dirayotganini, ammo, “masalalar hal qilinayotganini” bildirdi. Uning so‘zlaridan parchani “Moskva. Kreml. Putin” ko‘rsatuvi boshlovchisi Pavel Zarubin o‘zining Telegram-kanalida e’lon qildi.
“Ha, albatta, odamlar uchun muayyan noqulayliklar bor, lekin hukumat, albatta, buni nazorat ostida ushlab turishi kerak. Hamma masalalar ham hal etilgani yo‘q, ammo ular hal qilinmoqda”, deydi Putin.
Shuningdek, u “hukumat raisi ushbu masalalarni nazoratda ushlab turganini”, shuningdek “maxsus komissiya tuzilganini” qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yetkazib berishdagi muammolar joriy yil may oyi oxirida Ukraina Qurolli kuchlarining NQZga (neftni qayta ishlash zavodlariga) hujumlari sababli boshlangan edi. Bu AYOQSHlarda narxlarning oshishiga va yoqilg‘i tanqisligiga olib keldi. Iyun oyida Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak tegishli idoralarga ichki yoqilg‘i bozorini barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishni topshirdi. O‘shanda aviatsiya kerosinini eksport qilishga taqiq joriy etilgan edi. Iyul oyi boshida esa yoqilg‘i ta’minoti ishonchliligini oshirish uchun Rossiya NQZlariga yil oxirigacha Yevro-3 standartlariga javob beradigan benzin sotishga ruxsat berildi. Bir necha kun o‘tib dizel eksportiga ham taqiq qo‘yildi.
Yuqorida sanab o‘tilgan chora-tadbirlar bilan bir qatorda Putin Rossiya bozorini yoqilg‘i bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. U, jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri haydalgan benzinni boshqa komponentlar bilan aralashtirishga ruxsat beradi. Shuningdek, Rossiya yoqilg‘i importini boshladi. Novak hukumat chora-tadbirlari natija berayotganini ta’kidlagan: bir qator hududlarda cheklovlar olib tashlanmoqda, ishlayotgan AYOQSHlar soni ortib, navbatlar kamaymoqda. Prezident ham yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar vaqtinchalik ekanini urg‘ulagan.
Live
Barchasi