Nodavlat OTMlar uchun grant miqdori oshiriladi
Jamiyat
−
03 fevral
78432024 yilda O‘zbekistonda nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti uchun ajratiladigan kvotalar soni oshiriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratiladigan davlat granti miqdorini bu yil 1 ming 200 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu shu vaqtgacha har yili nodavlat OTMlar uchun ajratilib kelingan mingta kvotaga solishtirganda 20 foizga ko‘p.
Ushbu o‘zgarish 2024 yilga mo‘ljallangan davlat dasturining amaliy tadbirlar rejasi 7-maqsad 13-bandida keltirib o‘tilgan. Hozirda ushbu dastur loyihasi muhokama uchun tarmoqqa joylangan.
Ma’lumot uchun, oliy ta’lim muassasalarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan, respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari va nodavlat OTMlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun stipendiyalarni tayinlash tartibi Vazirlar Mahkamasining 226-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Stipendiya sohiblariga belgilangan miqdordagi stipendiya ularning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’iy nazar tayinlanadi va to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda davlat granti uchun 34 ming 930 ta o‘rin ajratilgandi.
LiveBarchasi