Nochor Afrikaning boylari. “Forbes” yangi reytingni e’lon qildi

Bu qiziq

image
0:00
0:00
download

2023 yilda Afrikadagi eng badavlat tadbirkorlarning yangi reytingi tuzildi. Reyting AQSHning “Forbes” jurnali tomonidan ishlab chiqildi.

Reytingga ko‘ra, Afrika qit’asining 54 davlatidan atigi yettita davlat vakili bo‘lgan 19 tadbirkor bu ro‘yxatdan joy olgan. Ularning umumiy boyligi 81,5 milliard dollarga baholangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022 yildagidan 3,1 milliard dollarga kam hisoblanadi.

Boy odamlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni 12 yildan beri peshqadamlik qilayotgan nigeriyalik milliarder Aliko Dangote egalladi. Uning boyligi 13,5 milliard dollarga baholandi. Milliarderning kapitali o‘tgan yilga nisbatan 400 million dollarga kamaygan. Dangote Afrikadagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga egalik qiladi.

Reytingning ikkinchi o‘rni “Cartier”, “Montblanc”va “Chloe” kabi brendlarga egalik qiluvchi Yoxann Rupertga nasib etdi. Rupert Janubiy Afrika Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lib, uning umumiy boyligi 10,7 milliard dollarga baholangan.

Shuningdek, uchinchi o‘rinni olmos qazib oluvchi Janubiy Afrika fuqarosi Nikki Oppenxaymer egalladi. Uning umumiy kapitali 8,4 milliard dollarga baholandi.

Ma’lumot uchun, reytingda ayollar mavjud emas. Afrikaning eng badavlat ayoli Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Angola sobiq prezidentining qizi Izabel dos Santos uchinchi marotaba bu ro‘yxatga kirmadi. Dos Santos 2013 yildan beri qit’aning eng boy ayoli bo‘lib kelgan, ammo 2021 yilda u milliarderlar qatoridan chiqarib tashlandi. Bunga Angolada dos Santos davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblangani asosiy sabab bo‘ldi. 2021 yil dekabrida AQSH unga qarshi “davlat mablag‘larini shaxsiy maqsadlarda o‘zlashtirish orqali yirik korrupsiyada ishtirok etgani” uchun sanksiya e’lon qilgan. 

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afrika Forbes milliarder

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing