Nobel mukofoti sovrindori dunyoni yadroviy urushdan ogohlantirdi

Olam

image

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, “Novaya gazeta” bosh muharriri, rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov Kreml G‘arb bilan qarama-qarshilikda qanchalik uzoqqa borishidan xavotirda ekanini bildirdi. Bu haqda u BBC’ga bergan intervyusida batafsil aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Rossiya hukumati uning gazetasini yopib qo‘ygan bo‘lishiga qaramasdan jurnalist Dmitriy Muratov jim bo‘lishni istamaydi. U tobora avj olayotgan urush va tez-tez tilga olinayotgan yadroviy xavfdan xavotirda. 

“Ikki avlod yadro urushi xavfisiz yashab keldi. Ammo bu davr tugadi. Putin yadro tugmachasini bosadimi yoki bosmaydimi? Kim biladi? Buni hech kim bilmaydi. Aniq ayta oladigan odam yo‘q”, deydi Muratov. 

Shuningdek, u so‘nggi paytlarda Rossiyaning yuqori amaldorlari tomonidan tez-tez tilga olinayotgan, OAVda ham kun mavzusiga aylangan yadroviy urushdan va unga ishora berayotgan Rossiya ichidagi belgilardan xavotirini yashirmagan.

“Biz davlat propagandasi odamlarni yadro urushi yomon narsa emas, degan fikrga qanday tayyorlayotganini ko‘ryapmiz. Bu yerdagi telekanallarda yadroviy urush va yadroviy qurollar xuddi uy hayvonlari uchun oziq-ovqatni reklama qilayotgandek targ‘ib qilinadi. Ular bizda bu raketa bor, boshqa raketa bor, deb e’lon qiladi. Ular Britaniya va Fransiyani nishonga olish haqida, Amerikani yuvib tashlaydigan yadroviy sunami uchqunlari haqida gapiradi. Nega ular buni aytishadi? Bu yerda odamlar tayyor bo‘lishi uchun”, deydi Nobel mukofoti sovrindori.


Muratovning aytishicha, yaqinda Rossiya davlat televideniyesida taniqli tok-shou boshlovchisi Putin rejimi Fransiya, Polsha va Buyuk Britaniya hududidagi har qanday harbiy nishonni o‘zi uchun qonuniy nishon deb e’lon qilish kerakligini ta’kidlagan. Xuddi shu taqdimotchi ma’lum bir orolni strategik yadroviy qurollar bilan tekislashni va taktik yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazishni ham taklif qilgan. Muratov esa bu harakatlar hech kimda illyuziya bo‘lmasligi uchun qilinganini aytgan.

Yuqoridagi kabi yadroviy tahdidlarga qaramasdan davlat propagandasi Rossiyani tinchlik mamlakati, Ukraina va G‘arbni esa tajovuzkor sifatida ko‘rsatmoqda. Ko‘p rossiyaliklar esa bunga ishonmoqda.

“Rossiyada odamlar targ‘ibot orqali nurlantirildi. Propaganda – bu nurlanishning bir turi. U nafaqat ruslarga, balki hammaga ta’sir qiladi. Rossiyada propaganda – bu davlat mafkurasiga to‘liq xizmat qiladigan o‘n ikkita telekanal, o‘n minglab gazetalar, “VKontakte” kabi ijtimoiy tarmoqlar”, deydi Dmitriy Muratov.

Nobel laureati yagona umidi yosh avlodda ekanini ham yashirmagan. Uning aytishicha, urush boshlangach, bir millionga yaqin rossiyalik mamlakatni tark etgan. Qolganlarning ko‘pchiligi ham Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarga keskin qarshi. 

“Mening yagona umidim yosh avlodda, ya’ni dunyoni dushman sifatida emas, balki do‘st sifatida ko‘radigan, dunyo Rossiyani, Rossiya dunyoni sevishini xohlaydigan odamlardadir. Umid qilamanki, bu avlod men va Putindan ham ko‘proq yashaydi”, deydi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda Dmitriy Muratov ukrainalik qochqin bolalar uchun pul yig‘ish maqsadida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini kimoshdi savdosiga qo‘ygan. Uning mukofoti 103,5 million dollarga sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarusda taktik yadro qurollarini joylashtirish rejasini e’lon qilgandi. Keyin uning eng yaqin yordamchilaridan biri Nikolay Patrushev Rossiyada har qanday dushmanni, shu jumladan, AQSHni ham yo‘q qilishga qodir zamonaviy noyob qurol borligi haqida ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina yadroviy urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing