Slovakiya Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishda davom etadi

Olam

image

Slovakiya Ukrainani elektr energiyasi bilan ta’minlashda davom etadi. Bu haqda Chexiyaning CTK axborot agentligiga kecha, 3 yanvar kuni Slovakiyadagi elektr tizimlari davlat operatori SEPS xabar berdi.

Kompaniya Ukrainaning “Ukrenergo” kompaniyasi bilan avval tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish niyatida ekanlinini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, Kiyev Slovakiyadan yetkazib berilgan elektr energiyasidan Rossiya armiyasining hujumlari oqibatida yetkazilgan elektr ta’minotidagi uzilishlarni qoplash uchun foydalanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 1 yanvar kunidan e’tiboran “Gazprom” Ukraina orqali gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Kompaniya 2019 yil 30 dekabrda “Gazprom” va Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini tashishni tashkil etish bo‘yicha imzolangan shartnoma va ikki mamlakat GTS operatorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddati tugaganini eslatdi. Ukraina Energetika vazirligiga ko‘ra, Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti “milliy xavfsizlik manfaatlari uchun” to‘xtatilgan. “Reuters” xabariga ko‘ra, Ukraina tranzitini to‘xtatish Moldovaga eng og‘ir ta’sir qiladi. Slovakiya, Chexiya va Avstriya kabi Rossiya gazining boshqa xaridorlari muqobil yetkazib berish yo‘llarini o‘rnatgan. Vengriya Rossiya gazini Turk oqimi gaz quvuri orqali olishda davom etadi.

Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini to‘xtatishni Vladimir Zelenskiy tomonidan uyushtirilgan “sabotaj” deb atagandi va ukrainalik qochqinlarga yordamni kamaytirish bilan tahdid qilgandi. Zelenskiy esa Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini to‘xtatish Vladimir Putinning eng katta mag‘lubiyatlaridan biri ekanini aytdi. Ukraina Prezidenti “shaffof energetika siyosati o‘rniga Moskva bilan mafiya sxemalarini afzal ko‘rayotgan ba’zi yevropalik siyosatchilarning isteriyalariga dosh berishga” chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi Ukraina Slovakiya “Gazprom”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing