Nikol Pashinyan iste’foga chiqdi

Olam

image

Bugun, 25 aprel kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan iste’foga chiqqanini e’lon qildi. U mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishi uchun shunday qildi.

Pashinyan 20 iyunda parlament saylovlari o‘tkazilguncha Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi.

Navbatdan tashqari saylovlarda Pashinyan “Fuqarolik kelishuvi” partiyasidan hukumat raisligiga nomzod bo‘ladi.

Arman qonunchiligiga ko‘ra, Milliy majlisga navbatdan tashqari saylovlar amaldagi parlament tarqatib yuborilganidan keyin kamida 30 kundan so‘ng va 45 kundan kechikmay o‘tkazilishi kerak. Parlament hukumat rahbari iste’foga chiqqanidan keyin ikki hafta ichida yangi Bosh vazirni saylay olmasa, tarqatib yuboriladi.

Ma’lumot uchun, Armanistondagi siyosiy inqiroz mamlakat o‘tgan yili kuzda Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy mojarolarda Ozarbayjondan yengilganidan beri davom etyapti. Inqiroz fevral oyi oxirida Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Pashinyanning iste’fosini talab qilgach keskinlashdi. 

28 mart kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bo‘lajak parlament saylovlari fonida iste’foga chiqishini e’lon qildi. Siyosatchi Armaniston xalqi kimni tanlasa, o‘sha shaxsga hokimiyatni topshirishga tayyor. Pashinyan saylovda o‘z nomzodini qaytarib olmoqchi emas. Respublikada parlament saylovlari joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

192

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing