Nikaragua ham BMT Inson huquqlari kengashi tarkibidan chiqishga qaror qildi
Olam
−
28 fevral 2025 1912 2 daqiqa
Nikaragua “mamlakatning suvereniteti hurmat qilinmagani” sababli BMT Inson huquqlari kengashi tarkibidan chiqishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Rosario Murilo ma’lum qildi.
Muriloning so‘zlariga ko‘ra, BMT Inson huquqlari kengashi Nikaragua hukumati faoliyatini obro‘sizlantirish va milliy suverenitetini zaiflashtirishga qaratilgan bo‘hton va yolg‘onlar tarqatmoqda hamda o‘z vazifalarini bajarmayapti.
“Nikaragua Inson huquqlari bo‘yicha kengashdan hamda ushbu kengash va uning barcha yordamchi mexanizmlari bilan bog‘liq barcha faoliyatlardan chiqish bo‘yicha o‘zining suveren va qaytarib bo‘lmaydigan qarorini bildiradi”, degan u.
“Canal 4” telekanali mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rahbari Valdrak Jentskening BMT Inson huquqlari kengashi raisi Yurg Lauberga yo‘llagan maktubini keltirgan. Jentske, BMT Inson huquqlari oliy komissarligi yillik hisobotiga kiritilgan Nikaraguadagi inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tayyorlangan hisobotni tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT mexanizmlari inson huquqlaridan davlatlarning ichki ishlariga aralashish uchun bahona sifatida foydalanadi.
Joriy yilning fevral oyi boshida Nikaragua BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tarkibidan chiqishini ham ma’lum qilgandi, chunki tashkilotning yaqinda e’lon qilingan hisobotidagi ma’lumotlar ham yolg‘on va mamlakatning qashshoqlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha siyosatini obro‘sizlantiradi. Tashqi ishlar vazirligi uning mamlakatdagi vakolatxonasini yopish haqida buyruq bergandi.
Ma’lumot o‘rnida, BMT Inson huquqlari kengashi hukumatlararo organ hisoblanadi. U 2006 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan inson huquqlarini butun dunyoda himoya qilish va hurmat qilishni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatni BMTning “antiamerikan” tashkilotlaridan chiqarish to‘g‘risida farmon imzolagandi. BMT Inson huquqlari kengashi va Falastin qochqinlariga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) shular jumlasidan. Trampning bayonotida ta’kidlanishicha, BMT Inson huquqlari kengashi o‘zining asosiy maqsadini bajarmagan va inson huquqlarini buzayotgan davlatlarni himoya qilish vositasiga aylangan. Joriy yilning 5 fevral kuni esa Isroil BMT Inson huquqlari kengashi tarkibidan chiqdi.
Live
Barchasi