Germaniya Isroilga qurol sotgani uchun genotsidda ayblanmoqda
Olam
−
09 aprel 2024 6165 2 daqiqa
Nikaragua BMTning oliy sudidan Germaniyada ishlab chiqarilgan qurollarni Isroilga sotishni to‘xtatishni so‘radi. Ish qonuniy pretsedentga aylanishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
Berlin Isroilga harbiy texnika jo‘natib, genotsidning oldini olish bo‘yicha BMT konvensiyalarini buzganlikda va BMT yordam agentligiga ajratiladigan mablag‘ni to‘xtatganlikda ayblanmoqda.
2023 yilda Isroil uchun umumiy qiymati 300 million yevroga teng harbiy texnika xaridining 30 foizi Germaniyadan kelgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 10 barobar ko‘pdir. Germaniya o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi.

Ayblovlar Xalqaro suddan Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi genotsid qilyaptimi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqishni so‘ragan Janubiy Afrikaning alohida ishidan kelib chiqqan. O‘shanda Gaagadagi sudyalar Isroilga genotsid harakatlarini oldini olish uchun "barcha mumkin bo‘lgan choralarni" ko‘rishni buyurgandi. Sud, shuningdek, HAMASga 7 oktyabrdagi qonli hujum paytida garovga olinganlarning hammasini zudlik bilan ozod qilishni buyurdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning anklavdagi tajovuzi 33 mingdan ortiq falastinlikni o‘ldirgan, ularning aksariyati tinch aholidir. Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo ham ocharchilik yoqasida turibdi, yanvar oyidan beri 300 000 kishi kuniga o‘rtacha 245 kaloriya iste’mol qilgan – bu me’yorning taxminan o‘ndan bir qismi.
Nikaragua tomonining bildirishicha, Germaniyaning Isroilga qurol sotishi uni yahudiy davlatining urush jinoyatlariga sherik qilib qo‘ygan. Xalqaro sudga topshirilgan hujjatlarga ko‘ra, Nikaragua BMTning oliy sudiga Berlindan qurol savdosini to‘xtatish va G‘azoda faoliyat yuritayotgan kam sonli xalqaro tashkilotlardan biri bo‘lgan UNRWA’ni moliyalashtirishni tiklashni talab qilmoqda.
Nikaraguani himoya qilgan advokat Alen Pelle sudning ochilishida so‘zga chiqib, Germaniya shoshilinch ravishda keyingi yetkazib berishni to‘xtatishi kerakligini aytdi.
“Germaniya Isroilga yetkazib bergan va yetkazib berishda davom etayotgan qurol-aslaha xavfini to‘liq anglab yetdi”, deydi u sudyalarga.
Berlin barcha ayblovlarni rad etdi, biroq bo‘lajak sud majlislarida o‘z strategiyasini e’lon qilmadi.
"Biz Nikaragua da’vosini e’tiborga olamiz va ayblovlarni asossiz deb rad etamiz", deydi hukumat voizi Volfgang Byuxner.
Germaniya kansleri Olaf Shols Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq, so‘nggi paytlarda unga bosim kuchaymoqda. Xususan, bir kun avval bir guruh davlat xizmatchilari kanslerga maktub yo‘llab, hukumatni “Isroil hukumatiga qurol yetkazib berishni zudlik bilan to‘xtatishga” chaqirgan.
Live
Barchasi