Niqobsiz yurish qat’iyan man qilinadi! – Maxsus komissiya fuqarolarni jiddiy ogohlantirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi fuqarolarni avtoransport va metropoliten xizmatlaridan foydalanilganda aholi o‘rtasida niqob taqish hamda ijtimoiy masofa saqlash rejimiga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. 

Niqobsiz yurish qat’iyan man qilinadi! Tartibga rioya qilmaganlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llaniladi va jarimaga tortiladi. 

Shuningdek, turli savdo majmualari, bozorlar, do‘konlarda yurganda qo‘llarni tashqi yuzalarga tegishidan himoyalashni ta’minlash uchun qo‘lqoplardan foydalanish zarur.

Qayd etilishicha, Yevropa va Osiyo mamlakatlari tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, faqatgina ijtimoiy masofaga va majburiy niqob taqish rejimiga qat’iy rioya qilinishi pandemiya tarqalishining oldini olishga yordam beradi. 

“Infeksiya tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish, unga qarshi mustahkam turish maqsadida fuqarolarni yuqorida aytib o‘tilgan talablarga so‘zsiz va qat’iy amal qilishga chaqiramiz. Sizlardan ogoh va o‘ta talabchan bo‘lishni, do‘st va yaqinlaringizni ushbu qoidalarga rioya etishga undashingizni so‘raymiz”, deyiladi komissiya bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing