Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuraturaning 30 xodimi nohaq otib tashlanganini aytdi

Jamiyat

image

SSSR davrida qatag‘onga uchragan, otib o‘ldirilgan O‘zbekistonda ko‘plab ilmli, ziyolilar qatorida prokuratura organlarining 30 nafar xodimi ham bor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilingan “Yangi Konstitutsiya – ulkan mas’uliyat demakdir” nomli maqolasida aytilgan. 

“Vatanimiz ozodligi yo‘lida jon fido etgan tizim xodimlarining hayoti va faoliyati haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni yosh avlodga yetkazish orqali ularda el-yurtga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda”, deyiladi uning maqolasida. 

Yo‘ldoshev, sho‘rolar qatag‘onlarining dahshatli davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham ko‘plab musibatlarga duchor bo‘lganini afsus bilan qayd etgan. 
 
Uning urg‘ulashicha, o‘sha davrlarda ori va nomusini har narsadan ustun qo‘yib, nohaqliklarga qarshi borgan, qat’iyat ko‘rsatgan, chin ma’noda dovyurak va vatanparvar mahalliy xodimlarning 150 nafariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 30 nafari esa otib tashlangan. Bu ma’lumotlar faqat qisqa muddatda aniqlanganidir.

“Nohaqlik azoblarini tortgan tizimimiz xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, ularning jasoratini yosh avlodga yetkazish bo‘yicha bugun aniq ishlarni boshladik”, deyiladi Yo‘ldoshevning maqolasida.

Eslatib o‘tamiz, 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taniqli adib Abdulla Qodiriyga nisbatan chiqarilgan O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926 yildagi hukmi ustidan Qodiriyning nabirasi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

Abdulla Qodiriy O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926 yil 16 iyunida Jinoyat kodeksining 73-moddasida (kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Biroq O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi Rayosatining 1926 yil 17 iyundagi qaroriga asosan jazodan ozod etilgan.

Qodiriyga nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilinib, uning harakatlarida O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy holat yuz bermagani sababli aybsiz deb topilib, oqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

prokuratura Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing