Gruziyadagi saylovlar bo‘yicha 47 ta jinoiy ish tergov qilinmoqda
Olam
−
31 Oktabr
1534Gruziya prokuraturasi parlament saylovlarida 47 ta jinoyat ishini tergov qilmoqda. Bu haqda Gruziya prokuraturasi xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, 47 ta jinoyat ishi saylovdan oldin va ovoz berish kunida sodir bo‘lgan soxtalashtirish, ovoz berishga majburlash va noqonuniy tashviqot, ovoz berish sirini buzish va saylovchilarga tahdid qilish kabi holatlar bo‘yicha ochilgan.
Shuningdek, ikki kishi Marneulidagi uchastkada byulletenlarni to‘ldirgani uchun hibsga olingan. Ular ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, hukmron “Gruziya orzusi” 54 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Muxolifat va Prezident Salome Zurabishvili saylov natijalarini tan olishdan bosh tortib, namoyish tashkil etgan. Prokuratura qalbakilashtirish to‘g‘risidagi arizalar bo‘yicha tergovni boshlagan va davlat rahbarini so‘roq qilishga chaqirgan. Zurabishvili esa kelishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, 26 oktyabr kuni Gruziyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 54,08 foiz ovoz yig‘ib, g‘alaba qozongandi. Keyinroq esa Gruziya poytaxti Tbilisidagi parlament binosi oldida saylov natijalariga qarshi miting bo‘lib o‘tdi. Aksiya mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvilining chaqirig‘i bilan tashkil etilgan. Namoyishchilar Rustaveli xiyobonida to‘planib, u bo‘ylab mashinalar harakatini to‘sib qo‘yishgan. Ommaviy norozilik ortidan Gruziya Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari bo‘yicha ma’lumotlarini qayta tekshirish maqsadida har bir saylov okrugida beshta saylov uchastkasining byulletenlarini qayta sanash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ukraina Prezidenti Gruziyadagi saylovlardan keyingi voqealarni sharhlar ekan, “Rossiya Gruziyada g‘alaba qozongani”ni aytdi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi