Samarqandda o‘quvchini zo‘rlashda gumonlangan 8 kishi ushlandi. Ular orasida prokuratura xodimi ham bor

3-sahifa

Avvalroq, Samarqand viloyatida sakkizinchi sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va jinsiy tajovuz qilingani haqida xabar berilgandi. Ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinib, 8 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning 6 oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, 2 oktyabr kuni bir necha shaxs tomonidan zo‘rlanganini ma’lum qilgan va ularga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlanib, joriy yil 30 oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, joriy yil 31 oktyabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.

Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan va 8 nafar shaxs, shu jumladan Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan, 1 nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda. Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat prokuratura Samarqand viloyati o'quvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing