Nig‘matilla Yo‘ldoshev g‘o‘za parvarishi va paxtani yig‘ishtirib olish ishlarini tanqid qildi

Jamiyat

image

Bugun, 18 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida qishloq xo‘jaligi sohasida, jumladan g‘o‘za parvarishi va paxta yig‘im-terimiga doir qonunchilik ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Bosh prokuratura, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agroispeksiya, viloyat va tuman prokurorlari, viloyat va tuman hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.

Selektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, ayniqsa g‘o‘za agrotexnikasi va paxtani yig‘ishtirib olish borasidagi ishlar ahvoli tanqidiy muhokama qilinib, qonun buzilishi holatlari tizimli tus olganligi oqibatida qator muammolar yuzaga kelganligi ta’kidlandi.

Xususan, respublika bo‘yicha jami 210 ming gektar, shundan Andijon viloyatida 3,7 ming, Buxoroda 3,8 ming, Toshkentda 5,4 ming, Namanganda 6,4 ming, Navoiyda 8,3 ming, Farg‘onada 8,5 ming, Surxondaryoda 9,7 ming, Qashqadaryoda 12,6 ming, Samarqandda 18,6 ming, Xorazmda 17,9 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 26 ming, Sirdaryoda 38,5 ming, Jizzaxda 50 ming gektardagi g‘o‘zalar rivojdan orqada qolmoqda.

Suv resurslaridan samarali foydalanish choralari ko‘rilmaganligi oqibatida respublikadagi barcha manbalardan g‘o‘zani sug‘orish uchun bir kunda 1 270 metr. kub sekund suv olinib, ushbu miqdordagi suv bilan 55 - 60 ming gektar maydonni sug‘orish mumkin bo‘lsada, amalda 45 ming gektar sug‘orilmoqda.

Mirzacho‘l, Sayxunobod, Qiziriq, Bo‘ka, Ellikqal’a, O‘zbekiston, Muborak, Mingbuloq, Chust, Paxtachi tumanlarida 1,5 - 2 ming gektar maydondagi g‘o‘zalar chanqagan bo‘lishiga qaramay, sug‘orish ishlari asossiz kechiktirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratilgan imtiyozli mablag‘lar maqsadsiz ishlatilgan.

“Agrobank” filiallari mansabdor shaxslari tomonidan joriy yil paxta hosili uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larining 58,7 mlrd. so‘mi maqsadsiz sarflab yuborilgan.

O‘tgan yilgi harajatlardan jami 1 trln. 767 mlrd., shundan 1 trln. 708 mlrd. so‘mi klasterlardan hamda 59,5 mlrd. so‘mi fermer xo‘jaliklaridan qaytarilmagan.

Klaster korxonalarining 19 tasi olti oydan buyon muddati o‘tgan 433 mlrd. so‘m qarzdorlikdan bir so‘mini ham qaytarmagan.

Soha mutaxassislarining hisob-kitoblari hamda hududlardan olingan takliflarga ko‘ra, joriy yilda 829,2 ming maydonda g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Biroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 6 - 8 foiz, Buxoroda 12 foiz, Xorazmda 25 foiz, Surxondaryoda 29 foiz defoliant zaxira qilingan bo‘lsa, Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umuman zaxira qilinmagan. 

Shu bilan birga, respublikaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, 42 534 gektar maydonlarga kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lsada, rejaga nisbatan 3 717 gektar maydonga kartoshka ekilmagan.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Buxoro viloyatlari prokurorlari va ularning sohaviy o‘rinbosarlari, mazkur viloyatlarning hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddi rahbarlarning tushuntirishlari eshitildi.

Qayd etilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish hamda sohaga doir qonunlar ijrosi ustidan nazoratni tubdan kuchaytirish bo‘yicha aniq   topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

210

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing