Nigeriyada jangarilar 200 dan ortiq tinch aholini o‘ldirdi
Olam
−
09 yanvar 2022
7800Nigeriyaning shimoli-g‘arbidagi Zamfara shtatida qurolli jangarilarning ayovsiz hujumi oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Qonli to‘qnashuvlar, 3 yanvar kuni 100 dan ortiq qurolli jangarilarning o‘limiga sabab bo‘lgan hukumat harbiylari uyushtirgan havo hujumiga qarshi javob bo‘lishi mumkin.
Qurolli jangarilar tinch aholining uylariga o‘t qo‘yib, qurbonlarning jasadini tahqirlab, bo‘laklarga ajratib tashlagan.
Mahalliy aholining Reuters axborot agentligiga ma’lum qilishicha, jangarilar yo‘lida uchragan barchani o‘qqa tuta boshlagan.
Qayd etilishicha, hujum Nigeriyaning shimoli-g‘arbidagi qurollangan jinoyatchi guruhlar va markaziy hukumat vakillari o‘rtasida yillar mobaydida davom etib kelayotgan qonli to‘qnashuvlarning davomidir.
Joriy hafta, 7 yanvar kuni 300 dan ortiq qurollangan shaxslar mototsiklda 9 ta qishloqqa hujum qilib, 100 dan ortiq fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingan edi. Ammo so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni ortmoqda.
Bundan tashqari, qishloqlardan birida yashovchi Idi Musaga ko‘ra, jangarilar o‘zlari bilan mahalliy aholining 2 000 dan ziyod qora molini ham o‘g‘irlab ketishgan.
Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy kecha, 8 yanvar kuni bergan bayonotida hukumat jangarilarga qarshi kurashda murosaga kelmasligini bildirgan.
"Men bu hujumdan aziyat chekkan jamoalar va boshqa nigeriyaliklarni ishontirib aytamanki, hukumat ularni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Biz bu qonunbuzarlarga qarshi har qachongidan ham qattiq kurash boshlaganmiz. Qaroqchilarning begunoh odamlarga qilgan so‘nggi hujumlari harbiy qo‘shinlarimiz tomonidan tinimsiz bosim ostida bo‘lgan ommaviy qotillarning noumid harakatidir", degan prezident Buxoriy.
5 yanvar kuni Nigeriya hukumati qaroqchilarni rasman terrorchilar deya e’lon qilib, xavfsizlik kuchlariga jangarilar va ularning tarafdorlariga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rishni buyurgan.
Nigeriya qurolli kuchlari joriy haftada mintaqa bo‘ylab 537 nafar “qurollangan banditlar va jinoiy guruh a’zolari”ni o‘ldirgani va o‘tgan yilning may oyidan buyon 374 nafarini hibsga olgani haqida ma’lum qilgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi