Nigeriyada qayiq ag‘darilib ketdi. O‘nlab bolalar qurbon bo‘ldi

Olam

image

Nigeriyaning Sokoto shtatida odamlar ortiqcha yuklangan qayiq ag‘darilishi oqibatida kamida 50 kishi, asosan bolalar, halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 20 avgust kuni shtatning Goronio hududidagi Gorau qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Milliy ichki suv yo‘llari boshqarmasi vakili Abdulqodir Yusufning ma’lum qilishicha, qutqaruv ishlari hanuz davom etmoqda.

Agentlik manbasi Goraudagi mahalliy masjid hovlisida dafnga tayyorlangan 50 nafar marhumning jasadini ko‘rgan. Jasadlarning aksariyati to‘shak va an’anaviy matolarga o‘ralgan.
Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, qayiqda sholi yig‘im-terimiga borayotgan fermerlar va ishchilar bo‘lgan. Ularning biri qayiqda 70 dan ortiq odam bo‘lganini aytgan bo‘lsa, boshqa bir guvoh 57 kishi borligini ma’lum qilgan.

Yusufning aytishicha, topilgan jasadlarning qariyb 40 nafari bolalar bo‘lgan. Sokoto shtatining parlamenti deputati Nasiru Adamu esa qayiqdagi yo‘lovchilarning aksariyati 10-15 yoshli bolalar bo‘lganini, 16 kishi qutqarilganini aytgan.

Guvoh Sharhabilu Kiliya qurbonlar soni 53 nafarga yetganini ma’lum qilgan. 

“46 kishini dafn qildik, hozir yana jasadlar olib kelindi. Qurbonlar soni 53 nafarga yetdi”, degan u.

Ma’lumot uchun, Nigeriyada qayiq halokatlari tez-tez uchrab turadi. Bunga qayiqlarning me’yoridan ortiq odam bilan yuklanishi, texnik xizmat ko‘rsatishning yetarli emasligi va xavfsizlik qoidalari nazoratining sustligi, ayniqsa yomg‘irli mavsumda, sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatning shimoli-sharqidagi Yobe shtatida ham joriy yilning yanvar oyida qayiqdagi nosozlik oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing