Nigeriyada bir yilda qariyb 8 ming odam o‘g‘irlandi
Olam
−
22:19 356 2 daqiqa
Nigeriyada 2025 yilning iyulidan joriy yilning iyunigacha 7 ming 825 kishi o‘g‘irlab ketildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 66 foizga ko‘p Bu haqda “Reuters” tomonidan havola qilingan Nigeriyaning xavfsizlik sohasidagi SBM Intelligence konsalting kompaniyasi tadqiqotida keltiriladi.
Qayd etilishicha, shu davr mobaynida odam o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holatlarda kamida 1 ming 142 kishi o‘ldirilgan. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qurolli guruhlar odam o‘g‘irlashlardan kamida 7,78 mlrd nayra yoki qariyb 5,8 mln dollar daromad olgan.
Shu bilan birga, real summa sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka oshkor qilinmaydi. Mamlakatning shimoli-sharqida qayd etilgan to‘lovlarning qariyb 90 foizini “Boko Haram” guruhining fraksiyalaridan biri olgan. Har birida 300 dan ortiq odam qo‘lga olingan atigi ikkita ommaviy o‘g‘irlashning o‘zi guruhga qariyb 7 mlrd nayra yoki taxminan 5,2 mln dollar daromad keltirgan.
Eng yirik hodisalardan biri Niger shtatidagi Papiri maktabining qariyb 315 nafar o‘quvchisi va xodimi o‘g‘irlanishi bo‘lgan. Taqqoslash uchun: 2024 yil iyulidan 2025 yil iyunigacha bo‘lgan davrda SBM Intelligence 4 ming 722 nafar o‘g‘irlangan va 762 nafar halok bo‘lganlarni qayd etgan. O‘shanda jinoyatchilar to‘lov sifatida qariyb 2,57 mlrd nayra olgan.
Mutaxassislar Nigeriyada odam o‘g‘irlash barqaror jinoiy biznesga aylanib borayotgani va bir vaqtning o‘zida qurolli guruhlarni moliyalashtirish manbaiga aylanayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Avgust oyida qurollangan shaxslar Niger shtatidagi bir nechta aholi punktlariga hujum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asosan ayollar, bolalar va keksalardan iborat qariyb 600 kishi o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriyaning Kaduna shtatida qurolli shaxslar qishloqqa hujum qilishi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi