Nigeriyada 80 nafar maktab o‘quvchisi o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
04 avgust 2021
6120Nigeriyada 80 nafar maktab o‘quvchisi o‘g‘irlab ketildi. Ularni qaytarish uchun esa o‘g‘rilar dastlab 150 ming, keyinroq 194 ming dollar miqdoridagi pul talab qilishdi. Bu haqda Nigeriya xristianlar uyushmasining mahalliy bo‘linmasi raisi Jozef Xayab telefon suhbati orqali “Reuters” agentligiga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 8 iyul kuni Nigeriyaning Kaduna shtatida bir guruh maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlab ketganlar ularni qo‘yib yuborish uchun 80 million nayr (194 ming dollar) miqdoridagi pul talab qilishgan.
“O‘g‘rilar har bir maktab o‘quvchisi uchun 1 million nayr talab qilishdi”, deydi Jozef Xayab.
Joriy yilning 25 iyul kuni esa “Premium Times” gazetasi 28 nafar o‘g‘irlab ketilgan maktab o‘quvchisi ozod etilganini ma’lum qilgan. Nashr ozod qilingan o‘quvchilar uchun so‘ralgan pul to‘langanmi yoki yo‘qligini aniqlay olmagan. Aytilishicha, hujum qilingan maktab xristianlarga tegishli bo‘lgan.
Oxirgi oylarda Nigeriyada universitet va maktablarda tahsil oluvchilarni o‘g‘irlash holatlari juda tez-tez uchramoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning boshidan buyon mamlakatning turli hududlarida mingdan ortiq talaba va maktab o‘quvchilari o‘g‘irlangan. Mahalliy hukumat mart oyidan beri Nigeriya shimolidagi 1 500 dan ortiq maktablarni yopgan va o‘quvchilarini boshqa tinch bo‘lgan muassasalarga o‘tkazgan. Shu bilan birga, faoliyatini davom ettirayotgan maktab va universitetlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
LiveBarchasi