Nigerdagi isyonchilar hukumati rahbari Fransiyani suiqasd tayyorlashda aybladi
Olam
−
04 Oktabr 2023
2980Nigerning isyonchilar tomonidan tayinlangan o‘tish davri hukumati rahbari Ali Lamin Zayn Fransiyani Afrika davlatining yangi hokimiyatining taniqli vakillarini o‘ldirish rejasini tayyorlayotganlikda aybladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
“Fransiya boshqa dushmanlarimiz bilan birga taniqli vazirlar va mamlakat rahbariyati vakillarini o‘ldirish rejasini tayyorladi. Fransiya [Nigerdagi] vaziyatni beqarorlashtirish uchun o‘z vositalaridan foydalanmoqda”, deydi Ali Lamin Zayn.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 26 iyul kuni Nigerda prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari qo‘zg‘olon ko‘tarib, prezident Muhammad Bazumning lavozimidan chetlatilishini e’lon qilgan. Mamlakatni boshqarish uchun qo‘riqchilar qo‘mondoni Abdurahmon Chiani boshchiligidagi “Vatanni qutqarish bo‘yicha Milliy Kengash” tuzildi. Yangi hokimiyat Fransiya bilan fransuz harbiylarini joylashtirish bo‘yicha harbiy kelishuvlarni qoraladi va kontingentni olib chiqishni talab qildi. Dastlab, Fransiya bu talabni tan olmasligini e’lon qildi, chunki Parij tomonidan yagona qonuniy deb tan olingan Nigerning sobiq hukumati bilan harbiy xizmatchilarni joylashtirish bo‘yicha kelishuvlar tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 sentyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Niameydan elchi va bir necha diplomatni chaqirib olishi, shuningdek, Nigerda hokimiyatni egallab olgan isyonchilar bilan harbiy hamkorlikdan voz kechishini ma’lum qilgandi. Uning aniqlik kiritishicha, Fransiya yil oxirigacha bu mamlakatdan o‘z harbiylarini olib chiqish niyatida. 26 sentyabr kuni esa Nigerdagi isyonchilar hukumati vakili Amadu Abdraman fransuz qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqilishi haqida hech qanday rasmiy xabar olmaganini aytdi.