Niger isyonchilari Bazumni davlatga xiyonatda ayblamoqda – “Al Jazeera”

Olam

image

Isyonchilar tomonidan tuzilgan harbiy kengash Nigerning hokimiyatdan ag‘darilgan Prezidenti Muhammad Bazumga nisbatan davlatga xiyonat ayblovini qo‘ymoqchi. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali xabar berdi.

"Biz hokimiyatdan ag‘darilgan prezident va uning sheriklarini davlatga xiyonat va davlat xavfsizligiga tahdid solganlikda ayblab, jinoiy javobgarlikka tortish imkonini beruvchi dalillarni to‘pladik", deyiladi isyonchilar bayonotida.

Kot-d’Ivuar Prezidenti Alassan Uattara 10 avgust kuni Abujada bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Afrika Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) sammitidan qaytgach, assotsiatsiyaga a’zo davlatlar rahbarlari Nigerda iloji boricha tezroq harbiy amaliyot o‘tkazishga kelishib olganini ma’lum qilgan.

Qo‘zg‘olonchilar rahbarlari, o‘z navbatida, ECOWAS'ning aralashuvni boshlash rejalari haqidagi e’lonlari nuqtai nazaridan armiyani hushyor holatga keltirishni buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Nigerdagi isyonchilar yetakchisi, “Vatanni qutqarish milliy kengashi” raisi Abdurahmon Umar Chiani yangi hukumat tuzgandi.

Nigerdagi davlat to‘ntarishi 

Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni Prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.

Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. U to‘ntarishni korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohlagan.

Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, Nigerning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Muhammad Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.

Joriy yilning 30 iyul kuni G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Abujadagi sammitda Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoralagan va isyonchilarga konstitutsiyaviy boshqaruvni tiklash uchun bir hafta muhlat bergandi. Agar talab bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilingandi. Keyinchalik Nigerning Parijdagi elchisi ECOWAS’ga a’zo davlatlar Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

8 avgust kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga tashrif buyurib, mamlakat Prezidentini hokimiyatdan chetlatgan isyonchilar vakillari bilan uchrashgandi. Uning tashrifi muvaffaqiyatsiz bo‘lib, u Prezident Bazum bilan ham “Vatanni qutqarish milliy kengashi”ni boshqargan general Abdurahmon Chiani bilan uchrasha olmay ortiga qaytib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

Niger Muhammad Bazum xiyonat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing