Niderlandiya Kiyevga navbatdagi F-16 partiyasini yubormoqda
Olam
−
01 fevral 3194 2 daqiqa
Ukraina 2025 yilda Niderlandiyadan to‘rtinchi avlod ko‘p funksiyali yengil qiruvchi samolyotlari – F-16'ning navbatdagi partiyasini olishni kutmoqda. Bu haqda kecha, 31 yanvar kuni Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Umarov Gaaga shahrida Niderlandiya Mudofaa vaziri Ruben Brekelmans bilan uchrashuv o‘tkazgan. Vazir Niderlandiyadagi harbiy bazada bo‘lib, ukrainalik uchuvchilar, muhandislar va texnik xodimlarning tayyorgarlik jarayoni bilan tanishgan.

“Bu Ukrainada to‘liq aviatsiya infratuzilmasini yaratishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir. Biz uchuvchilarni, muhandislik va texnik tarkibni tayyorlashni davom ettirmoqdamiz. Niderlandiya havo kuchlari koalitsiyasida muhim rol o‘ynab, bizning aviatsiya infratuzilmamiz va imkoniyatlarimizni rivojlantirishga yordam bermoqda”, deydi Umarov.
F-16 dasturidan keyingi ikkinchi muhim mavzu Ukrainani uchuvchisiz dronlar bilan ta’minlash bo‘lgan.
“E’lon qilingan 400 million yevroni taqsimlash va qo‘shma loyihalarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni muvofiqlashtirdik," deya qo‘shimcha qildi vazir.
Kun tartibida, shuningdek, artilleriya snaryadlari, havo mudofaa tizimlari va raketa tutib olish tizimlari ham muhokama qilingan. Xususan, Kiyev Niderlandiya bilan qo‘shma mudofaa korxonalarini rivojlantirishga ham tayyorligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Niderlandiya hamda Belgiya, Daniya va Norvegiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi “aviatsiya koalitsiyasi” hisoblanadi. 2024 yil oktyabr oyida Niderlandiya Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlarini topshirgandi. Daniya esa noyabr oyida 6 ta F-16 qiruvchi samolyoti Ukrainaga topshirgan. Daniyadan F-16 qiruvchilarining ikkinchi partiyasi Ukrainaga dekabrda yetib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Ukrainaga yetkazib berish uchun 90 ga yaqin raketaga qarshi snaryadlarni Isroildan olib, Polshaga topshirgandi.
Live
Barchasi