JCH saralashidan keyin ko‘rinmay qolgan Abramov o‘zbek futboliga qaytdi

Sport

image

Bugun, 9 avgust kuni “Dinamo” PFKda klub rahbariyati va jamoa a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar qildi.

Unda jamoaning Superligadagi qoniqarsiz natijalari sababli Andrey Shipilov o‘z arizasiga binoan klub bilan do‘stona xayrlashgani ma’lum qilindi. Klub rahbariyati va homiylari yangi bosh murabbiy sifatida taniqli mutaxassis, O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq ustozi Vadim Abramov taklif etilganini e’lon qilib, uni futbolchilarga rasman tanishtirdi. 

Qayd etish kerakki, Abramovning eng shonli davrlari 2011 yilda Qatar mamlakatida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Abramov boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasi qit’a birinchiligida yarim finalgacha yetib borgan. Shundan so‘ng, uning obro‘si o‘zbek futbol ommasi oldida misli ko‘rilmagan darajada oshib ketdi. U milliy termadan iste’fo bergach, yangi murabbiylarning jamoasi Abramov davri bilan solishtirilardi.

Oxir oqibat, 2019 yilda O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidan ketgan Ektor Kuper o‘rniga Abramov tayinlandi. Ha, Vadim Abramov o‘sha tayinlov faoliyatidagi qulash bo‘lishini tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak. 59 yoshli murabbiy boshchiligida O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichidan o‘tolmadi. Abramovning o‘zi esa “agent” murabbiy degan nom chiqardi.

Hozirda, Samarqandning “Dinamo” klubi O‘zbekiston Superligasining ortda qolgan 14 ta turidan so‘ng, 7 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalining oxirgi o‘rnida bormoqda. Ko‘rinib turibdiki, yangi lavozimda Abramovga oson bo‘lmasligi aniq.

Ma’lumot uchun, 59 yoshli mutaxassis hozirga qadar “Traktor”, “Lokomotiv”, “Neftchi”, “Bunyodkor” klublari, O‘zbekiston olimpiya va milliy jamoasida faoliyat yuritgan. Vadim Karlenovich 2019-2021 yillar davomida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vadim Abramov “Dinamo”

Baholaganlar

180

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing