Neytral Shveysariya Yevropaning harbiy loyihasiga qo‘shildi
Olam
−
18 Oktabr
2291Neytral maqomdagi Shveysariya butun Yevropa bo‘ylab yagona havo va raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratishga qaratilgan “Sky Shield” loyihasiga qo‘shildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 oktyabr kuni mamlakat Qurol-yarog‘ rahbari Urs Loher loyihaga qo‘shilish deklaratsiyasini imzolagan va Shveysariya “Sky Shield”ning 15-a’zosi bo‘lgan. Ushbu loyiha butun Yevropa bo‘ylab yagona havo va raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratishga qaratilgan. Tizim Germaniya tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng ishga tushirilgan bo‘lib, Yevropa davlatlariga mudofaa tizimlarini birgalikda sotib olish va mashg‘ulotlar o‘tkazish imkonini beradi.
“ESSI’da ishtirok etish bilan Shveysariya xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini oshirmoqda: ESSI yerga asoslangan havo mudofaasi sohasida xarid loyihalari, mashg‘ulotlar va logistika jihatlarini yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beradi", deyiladi hukumat bayonotida.
Unga ko‘ra, dastlabki e’tibor o‘rta masofali havo mudofaasi tizimiga qaratilgan bo‘lsa-da, kelgusida qisqa va uzoq masofali havo mudofaasi bo‘yicha ham hamkorlik qilinishi mumkin.
Nashrning yozishicha, ushbu loyiha Shveysariyada bahsli bo‘lib, qarshilik bildirayotganlar uning neytrallik an’analariga zid ekanini ta’kidlamoqda. Hukumat esa loyiha mamlakatning neytral maqomi bilan mos kelishini, chunki unda hech qanday majburiyatlar mavjud emasligini va mamlakat qaysi darajada va qayerda ishtirok etishni o‘zi hal qilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Xususan, agar “Sky Shield” a’zolaridan biri urushga aralashsa, Shveysariya hamkorlikni to‘xtatishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shveysariya Xavfsizlik komissiyasi Rossiya tomonidan qilinayotgan tahdid tufayli mamlakatning 1515 yildan beri saqlab kelayotgan betaraflik siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi