Neytral davlat Prezidenti Kiyevga bordi
Olam
−
25 noyabr 2023
11056Shveysariya Prezidenti Alen Berse Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro sammitga qatnashish uchun Kiyevga tashrif buyurdi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
“Men Kiyevga keldim, bu yerda bugun Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro sammitda qatnashaman va Prezident Zelenskiy bilan uchrashaman”, deb yozgan Berse.
Uning qo‘shimcha qilishicha, asosiy e’tibor harbiy mojaroning Ukraina oziq-ovqat xavfsizligiga ko‘rsatgan ta’siriga qaratiladi. Bersening so‘zlariga ko‘ra, sammitda Shveysariya tomonidan Kiyevga uzoq muddatli yordam ko‘rsatilishi ham muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun, Shveysariyaning tashqi siyosati, ushbu mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, doimiy betaraflikning xalqaro huquqiy maqomini hisobga olgan holda qurilgan. Shveysariya hech qanday harbiy ittifoqqa a’zo emas. Biroq u YeI yoki NATO a’zosi bo‘lmasa-da, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan so‘ng, Moskvaga qarshi sanksiyalar paketiga qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Kiyevga Pentagon rahbari Lloyd Ostin, Moldava Prezidenti Mayya Sandu, Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ham tashrif buyurgan edi. Ular Yevromaydonning 10 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etgandi.
LiveBarchasi