Netanyaxuning rafiqasi Qatar Amirining onasidan yordam so‘radi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning rafiqasi Sara Netanyaxu Qatar Amirining onasi shayxa Moza bint Nosir al-Misnadga murojaat qilib, G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilishda yordam so‘radi. Bu haqda “Ynet” nashri xabar berdi. 

“Mening murojaatim siyosat doirasidan tashqariga chiqadi, bu mehr-oqibat va insonparvarlikka da’vatdir. Men sizdan ayol sifatida Ramazon oyida garovdagilarni ozod qilish uchun barcha ta’siringizdan foydalanishingizni so‘rayman”, deya ta’kidlagan Sara Netanyaxu. 

U Qatar Amirining onasidan o‘z pozitsiyasini aniq bildirishni, garovga olinganlarga nisbatan sodir etilayotgan dahshatlarga qarshi ovozini baland ko‘tarishni so‘ragan. 

Qayd etish joizki, 2023 yil oxirida Isroil Bosh vazirining rafiqasi Rim Papasi Fransiskga ham xuddi shunday iltimos bilan murojaat qilgan. 

"Asirlikda 129 nafar bolalar, ayollar, erkaklar va qariyalar bor, ularning ko‘plari yarador yoki kasal. Ular ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitlardan aziyat chekmoqda. Ular Qizil Xochdan dori-darmonlar yoki yordam ham olmayapti. Iltimos, o‘z ta’siringizdan foydalanib, ularni ozod qilishni talab qiling", deb yozgan Sara Netanyaxu Rim-katolik cherkovi boshlig‘iga.

Ma’lumot uchun, Isroilning G‘azo sektorida 7 oktyabrdan beri davom etayotgan tajovuzi oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 30 mingdan oshgan. Ular orasida 12 ming 300 dan ortig‘i bolalardir.   

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan “Falastin uchun yagona yurak” sammitida shayxa Moza bint Nosir Isroilning urush qonuniyatlarini mensimasligi ortidan G‘azoda xalqaro gumanitar huquq buzilayotganini aytgandi. Yaqin Sharqdagi keskinlik sharoitida UNESCO G‘azo sektoridagi bolalarni qutqarish va ularga yordam berish bo‘yicha o‘z vazifasini bajarmagani uchun Moza bint Nosir tashkilotning yaxshi niyat elchisi lavozimidan ketishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar Isroil Sara Netan'yaxu Moza bint Nosir al-Misnad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing