Netanyaxu Suriya chegarasiga bordi (video)
Olam
−
08 dekabr
9787Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatning Suriya bilan chegarasiga bordi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Uning aytishicha, Suriya prezidenti Bashar Asad rejimining qulashi Isroilning Eronga hujumlari va Suriya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi Livan “Hizbulloh” harakati natijasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada hokimiyatning o‘zgarishi Isroil uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
“Bu Eron va Asad rejimining asosiy tarafdori – “Hizbulloh”ga qarshi bergan zarbalarimizning bevosita natijasidir. Bu butun Yaqin Sharqda ushbu repressiv va zolim rejimdan xalos bo‘lishni istaganlar orasida zanjirli reaksiyaga sabab bo‘ldi”, deya Netanyaxuning so‘zlarini keltirgan Bosh vazir ofisining maslahatchisi Dmitriy Gendelman Telegram'dagi sahifasida.
Netanyaxu bir kun oldin Isroil armiyasiga bufer zona va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallashga buyruq berganini aytgandi. Uning aniqlik kiritishicha, Suriya bilan chegaradosh hudud 1974 yildagi kelishuvga ko‘ra demarkatsiya qilingan. Netanyaxuning aytishicha, delimitatsiya bo‘yicha kelishuv Suriya qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi tufayli barbod bo‘lgan, shu sababli Isroil bufer zonani egallab olgan.
“Bu kelishuv buzildi, Suriya qo‘shinlari o‘z pozitsiyalarini tashlab ketdi”, dedi Bosh vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil Suriyada yashovchi do‘st xalqlar bilan yaxshi qo‘shnichilik siyosatiga sodiq qoladi. Shuningdek, u Isroil bilan tinch-totuv yashashni istagan kurdlar, nasroniylar va musulmonlar haqida ham gapirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya armiyasining ikki ming askari harbiy formada Iroq hududiga kirgan, qo‘shni respublika kuchlari ularni qabul qilgan. Hozirda ular uchun qurilayotgan lager Suriya chegarasidagi “Al-Qayim” nazorat-o‘tkazish punkti yonida tashkil etilgan. Hokimiyat harbiy xizmatchilarga zarur yordam ko‘rsatadi va vaqtincha joylashtirishni ta’minlaydi. Ammo chegarani kesib o‘tayotgan suriyalik askarlarning keyingi taqdiri haqida qaror qabul qilinmagan.
Iroq va Suriya chegarasi janglar fonida to‘liq yopilgan. Iroq hukumati Suriyadagi voqealar mamlakat xavfsizligiga ta’sir etishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda.
Bugun, 8 dekabr kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi. Mahalliy aholi AFP agentligiga shaharda kuchli otishma ovozlari haqida ma’lum qilgan. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qilgan. Suriya armiyasining ikki yuqori martabali zobiti “Reuters” agentligiga mamlakat prezidenti Bashar Asad Damashqdan noma’lum tomonga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan. Bu haqda avvalroq CNN tarqatgan ma’lumotni Suriya Inson huquqlari observatoriyasi ham tasdiqlagan. Tashkilot rahbari Rami Abdel Rahmonga ko‘ra, Asad Damashq xalqaro aeroportidan uchib ketgan. “Reuters”ga ko‘ra, Bashar Asad samolyot halokatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Facebook’da e’lon qilingan videoda hukumat vakolatlarini Suriya xalqi tomonidan ma’qullangan har qanday rahbariyatga topshirishga tayyorligini aytgan. Suriya qurolli muxolifat qo‘mondonlari Damashqda mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan boshlab ertalab soat 5:00 gacha davom etadigan komendantlik soati joriy etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriyadagi so‘nggi voqealarga munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, Suriya prezidenti Bashar Asad va qurolli mojaro ishtirokchilari o‘rtasidagi muzokaralar tufayli u hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qilgan va mamlakatni tark etgan. Rossiya bu muzokaralarda ishtirok etmagan. Vazirlikning Damashq qurolli mojaro vakillari tomonidan bosib olinganidan keyin bergan bayonotida Rossiya Suriyadagi muxolif guruhlarning barcha a’zolari bilan aloqada ekani ma’lum qilingan.
Shuningdek, Suriyadagi Rossiya fuqarolarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Rossiya tomoni, shu bilan birga, Suriya jamiyatining barcha etno-konfessional kuchlarining fikrlarini hurmat qilishga chaqirgan.
LiveBarchasi