Netanyaxu Qatarga yana zarba berish bilan tahdid qildi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Qatarga murojaat qilib, ularni “terroristlarga joy berishda” aybladi va HAMAS rahbarlarini mamlakatdan chiqarish yoki sudga topshirishga chaqirdi. Bosh vazirning bu haqdagi so‘zlari mamlakat hukumatining saytida keltirildi.

Bosh vazirga ko‘ra, agar Qatar tomonidan HAMAS yetakchilari chiqarib yuborilmasa, Isroil o‘zi bilgan choralarni qo‘llaydi. 

Netanyaxu Qatarning HAMASni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashini, ularning yetakchilariga hashamatli villalar va xavfsiz boshpana taqdim etganini iddao qilib, bu ishlarni qattiq qoralagan. Shuningdek, u 2023 yil 7 oktyabrdagi terakt uchun mas’ul bo‘lganlarni aynan Dohada himoya qilinayotganini ta’kidlagan. 

Bu bayonotlar 9 sentyabr kuni Isroilning Dohaga uyushtirgan havo hujumidan keyin yangradi. O‘sha paytda HAMAS rahbarlari u yerda sulh bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi.

Qatar o‘z navbatida bu hujumni “davlat terrorizmi” deb atab, Netanyaxuni mintaqadagi barqarorlikni chil-parchin qilishda ayblagan. Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp ham Isroil zarbasidan “mamnun emasligini” aytgan. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Isroilning bu yurishida AQSHning qo‘li yo‘q.

Xulosa qilib aytganda, bu voqea Qatarning HAMAS bilan muzokaralarda vositachi sifatidagi roli va Isroilning keskin qarshi pozitsiyasi fonida katta diplomatik inqiroz keltirib chiqardi. Qatar vositachi bo‘lishdan ma’lum muddat tiyilishini bildirdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Doha shahridagi turarjoy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralashini bildirib, bayonot bilan chiqqandi. Vazirlik bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanishini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Doha Qatar HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing