Netanyaxu “G‘azo qassobi” sifatida tarixga kirdi – Erdo‘g‘an
Olam
−
29 noyabr 2023
5255Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu “G‘azo sektori qassobi” sifatida tarixga kirdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 29 noyabr kuni “Adolat va taraqqiyot” partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida aytdi.
U so‘zi avvalida g‘azoliklarning 7 oktyabrdan beri boshdan kechirayotganlarini jahannamga qiyoslagan.
“G‘azoda sog‘liqni saqlash va ta’lim infratuzilmasi butunlay qulab tushdi. G‘azoda oxirgi asrning eng katta vahshiyliklaridan birini amalga oshirgan Netanyaxu allaqachon o‘z nomini tarixga "G‘azo qassobi" sifatida yozib qoldirdi. Bu qora dog‘ nafaqat Netanyaxuning, balki uni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan barchaning peshonasiga yopishgan tamg‘a bo‘ldi”, deydi Erdo‘g‘an.
Prezident so‘zida davom etarkan, xalqaro hamjamiyat, Islom olami va Turkiya g‘azoliklarga qilingan bu dahshatli harakatlarni unutmasligini urg‘uladi.
“Bu uyat dog‘i hech qachon tozalanmaydi. Biz G‘azoda sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar va urushlarni, bir-ikkitasidan tashqari, g‘arb davlatlarining harakatsizligini hech qachon unutmaymiz. Biz Isroil ma’muriyatini xalqaro huquq va inson vijdoni oldida javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2 mingdan ortiq advokat Isroilning G‘azo sektorida sodir etgan jinoyatlari uchun turli organlarga da’vo arizasi kiritishini aytgan edi. Shundan so‘ng, bir guruh turkiyalik advokatlar Xalqaro jinoiy suddan (XJS) Isroilning bir necha yuqori martabali amaldorlarini, jumladan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni hibsga olishni rasman so‘radi.
LiveBarchasi