Netanyaxu BMT minbarida Falastin yerlari “Isroil” deb ko‘rsatilgan xaritalarni namoyish qildi
Olam
−
28 Sentabr
12128Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 27 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining delegatsiyalar chun ajratilgan o‘rindiqlarning katta qismi bo‘sh qolgan yig‘ilishida qilgan chiqishida xalqaro huquq doirasida Falastin hududi bo‘lgan Sharqiy Quddus, G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorini “Isroil” deb belgilagan xaritalardan foydalandi.
U “baraka“ va “la’nat” so‘zlari yozilgan xaritalarni ko‘rsatdi. Netanyaxu 2023 yilda ham BMTda ko‘rsatganini aytgan “baraka“ xaritasida u bu safar Hindistondan Yaqin Sharq va Isroil orqali o‘tadigan logistika ko‘prigi chizilgan. Bu haritada Hindiston, Saudiya Arabistoni, Misr va Sudan yashil rangda belgilangan. Netanyaxu “La’nat” xaritasi deb tanishtirgan ikkinchi rasmda esa Eron, Suriya, Iroq va Yaman qora rangda tasvirlangan.
Xaritalarni ushlab turgan Netanyaxu dunyo "baraka" va "la’nat" o‘rtasida tanlov qilishi kerakligini aytdi. Ikkala xaritada ham G‘azo va G‘arbiy Sohil Isroil hududi sifatida ko‘rsatilgan.
Netanyaxu minbarga chiqishi bilanoq ko‘plab davlatlar vakillari norozilik sifatida Bosh Assambleya zalini tark etdi, ayrim davlatlar delegatsiyalari esa sessiyada umuman qatnashmadi.
Netanyaxu BMT minbaridan turib, "HAMAS 7 oktyabrda chaqaloqlarni yoqib yubordi" degan yolg‘onni takrorladi. Taxminan bir yil avval Isroil armiyasining o‘zi bunday bayonotni rad etgandi.
Bosh vazir Isroil tomonidan o‘ldirilgan ayollar, bolalar va qariyalarni tilga olmay, G‘azo va Livanda “o‘zlarini himoya qilganini” da’vo qildi. G‘azo sektorida qariyb bir yildan beri davom etayotgan hujumlarda 16 500 dan ortiq bola va 11 000 dan ortiq ayol halok bo‘lganiga qaramay, Netanyaxu "Isroil armiyasi tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishining oldini olishga harakat qilayot”ganini iddao qildi.
Netanyaxu mamlakati Saudiya Arabistoni bilan normallashtirish shartnomasini imzolamoqchi ekanligini aytdi va bu “Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishini” ta’kidladi. E’tiborlisi, Netanyaxu nutqi davomida Bosh Assambleya zalida Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bo‘lmagan.
Taxminan 34 daqiqa davom etgan nutqida u asosan Eronni aybladi va G‘azo va Livanga qilingan hujumlarni oqladi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, ular 2023 yil 7 oktyabrdan beri Eronning ishonchli kuchlari bilan 7 ta frontda kurashmoqda.
“Mening Eronga bir xabarim bor: agar siz bizga zarba bersangiz, biz ham sizga zarba beramiz. Yaqin Sharqda biz yetib borolmaydigan joy yo‘q”, deya tahdid qildi Netanyaxu Tehronga.
U dunyo davlatlarini Eron yadroviy dasturiga qarshi kurashda Isroilni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi:
“Isroil Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish uchun hamma narsani qiladi”.
Shuningdek, Netanyaxu Isroilning Livanga hujum qilishda davom etishini ochiq qilib, “Hizbulloh”ning raketalarini G‘azoda bo‘lgani kabi shifoxonalar, maktablar va uylarda yashirayotganini aytib, bu joylar nishonga olinishi mumkinligini nazarda tutdi.
Isroil Bosh vazirining qo‘shimcha qilishicha, ular “Hizbulloh”ning raketa imkoniyatlarini katta darajada yo‘q qilgan va “barcha maqsadlariga erishilgunga qadar “Hizbulloh”ni orqaga surishda davom etadi”.
Isroil Bosh vaziri o‘z nutqining bir qismini Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zini tanqid qilishga bag‘ishlab, uni “zulmat uyi”, “antisemit safro botqog‘i”, deb atadi va xalqaro tashkilotdan Isroilga boshqa davlatlar kabi munosabatda bo‘lishni talab qildi.