Erdo‘g‘an Suriya uchun kurashmoqchi
Olam
−
21 dekabr
3828Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shimoliy Suriyadagi xavfsizlikka tahdid solayotgan kurd guruhlarini yo‘q qilish uchun Turkiya harbiy amaliyot o‘tkazishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Erdo‘g‘anning bu bayonoti Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan askarlar va AQSH tarafidan yordam oluvchi kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik kuchlari (SDF) o‘rtasidagi jangovar harakatlar fonida ochiqlangan.
“Ikki guruh o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, asosan, Kobani shahri yaqinida va Yevfrat daryosidagi Tishrin to‘g‘oni hududida sodir bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Turkiya rahbari AQSH va G‘arb davlatlarini Isroil Mudofaa kuchlarining (IDF) Suriya hududidagi harakatlarini to‘xtatishga chaqirgan.
“Biz Suriyada mavjud terroristik tashkilotlarni zararsizlantirish va janubiy chegaralarimizdan kelayotgan tahdidlarni to‘xtatish vaqti kelganini ma’lum qilamiz”, degan u.
Shuningdek, u Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan guruhlarning mintaqa kelajagida o‘rni yo‘qligini ta’kidlagan.
Qolaversa, Turkiya rahbari yangi tuzilayotgan Suriya davlat tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlashini va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidanning yaqinda Suriyaga tashrif buyurishini ma’lum qilgan.
Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatning yangi Suriya rahbariyati bilan aloqa o‘rnatayotganini “yangi ma’muriyatga bo‘lgan ishonch” deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 15 kun ichida Suriya poytaxti Damashqqa tashrif buyurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi