Isroil “Hizbulloh” peyjerlarini portlatish uchun 10 yil tayyorgarlik ko‘rgan

Olam

image

Isroilning “Mossad” razvedka xizmati sobiq xodimlari “Hizbulloh” a’zolarining aloqa vositalarini portlatish bo‘yicha operatsiya tafsilotlarini oshkor qildi. Bu haqda ular CBS News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Ularning aytishicha, 2022 yildan boshlab Isroil maxsus xizmati aloqa vositasi sifatida foydalaniladigan peyjerlarga yetarlicha portlovchi modda joylashtirish imkonini beruvchi modelni ishlab chiqishni boshlagan. “Hizbulloh” tashkilotini aynan shu peyjerlarni sotib olishga undash uchun “Mossad” YouTube platformasida maxsus reklamani ishga tushirgan va internetda soxta xaridorlar sharhlarini joylashtirgan. Operatsiya rahbari bo‘lgan suhbatdoshning ta’kidlashicha, razvedka xizmatlari qurilmalarni ishlab chiqarishning to‘liq siklini yo‘lga qo‘yib, soxta kompaniyalar orqali Tayvanning Gold Apollo kompaniyasi bilan litsenzion hamkorlikni tashkil qilgan. Ushbu soxta kompaniyalardan biri Vengriyadagi firma bo‘lgan.

Boshqa sobiq razvedka xodimining so‘zlariga ko‘ra, peyjerlarni qurolga aylantirish bo‘yicha ishlar ularni portlatishdan 10 yil oldin boshlangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil razvedkasi soxta kompaniyalar orqali “Hizbulloh”ga 16 mingdan ortiq portlovchi modda bilan to‘ldirilgan aloqa vositalarini sotgan. Qurilmalar manekenlar ustida sinovdan o‘tkazilib, portlashning kuchi faqat foydalanuvchiga zarar yetkazib, atrofdagi odamlarga ta’sir qilmasligini ta’minlagan.

Maxsus xizmat vakillari ushbu operatsiya Isroilga “Hizbulloh” harakatini sezilarli darajada zaiflashtirish imkonini berganini ta’kidlagan. Ularning aytishicha, “Mossad” “Hizbulloh”ga qarshi kurashni to‘xtatmoqchi emas.

“Biz ularni o‘zlarini zaif his qilishlarini istaymiz, chunki ular haqiqatan ham shunday. Biz peyjerlardan endi foydalana olmaymiz, chunki ular allaqachon ishlatib bo‘lindi. Endi boshqa narsalar bilan shug‘ullanmoqdamiz va ular nima bo‘lishini taxmin qilishlariga to‘g‘ri keladi”, dedi o‘zini soxta ism bilan Maykl deb tanishtirgan suhbatdosh.

Eslatib o‘tamiz, 17 va 18 sentyabr kunlari Livanda ko‘plab aloqa vositalari portlab ketgan edi. Birinchi kuni mamlakatning turli hududlarida katta miqdordagi peyjerlar deyarli bir vaqtning o‘zida portladi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida 12 kishi, jumladan 2 bola halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Keyingi kuni Livanning bir necha hududida radiostansiyalar, telefonlar, shuningdek, quyosh batareyalari va litiy-ionli akkumulyatorlar ishlatiladigan qurilmalar portlagan. Takroriy hujum oqibatida 25 kishi halok bo‘lgan, 608 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil “Hizbulloh” peyjer “Mossad”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing