Netanyaxu har qanday ssenariyda Falastin davlatini yaratishni rad etdi
Olam
−
19 yanvar 2024
6498Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH ma’muriyatiga har qanday shaklda Falastin davlati tashkil etilishiga qarshi ekanini yetkazdi. Bu haqda u kecha, 18 yanvar kuni Tel-Avivdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz HAMAS ustidan hal qiluvchi g‘alaba”ga erishmagunimizcha, G‘azo sektoriga hujumlarni davom ettiramiz”, degan Bosh vazir.
Netanyaxu xalqaro hamjamiyat, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan ikki davlat takliflarini rad etishini takrorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu pozitsiyasini AQSH ma’muriyati e’tiboriga havola qilgan.
"Kelajakdagi har qanday kelishuvlarga ko‘ra Isroilga Iordan daryosining g‘arbiy qismidagi barcha hududda xavfsizlik nazorati kerak. Bu suverenitet g‘oyasiga ziddir. Xo‘sh, biz nima qila olamiz? Bosh vazir do‘stlarimizga yo‘q deyishga qodir bo‘lishi kerak", deydi Netanyaxu.
“The Times of Israel” nashrining yozishicha, Netanyaxu bunday siyosat Isroilning arab davlatlari bilan munosabatlarini yaxshilashda davom etishiga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni Davosdagi forumda so‘zga chiqqan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken yana Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirishi va uzoq muddatda Isroil xavfsizligini kafolatlashini tushuntirgandi. Shu bilan birga, Davlat kotibining ishontirishicha, Isroilning boshqa mintaqa davlatlari bilan integratsiyalashuvi Eron va unga bo‘ysunuvchi kuchlarni, jumladan husiylarni ham yakkalab qo‘yadi. Shu bilan birga, Blinken Isroil bu imkoniyatdan foydalanish yoki yo‘qligini hal qilishiga ishora qildi.
Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud esa Ar-Riyod Isroilni Yaqin Sharq mojarosini hal qiluvchi va Falastin davlatining paydo bo‘lishiga yordam beradigan keng kelishuvning bir qismi sifatida tan olishi mumkinligi haqidagi savolga ijobiy javob bergandi. Uning ta’kidlashicha, Isroil uchun tinchlik faqat Falastin davlati mavjud bo‘lgandagina ta’minlanishi mumkin. Biroq, hozirda, vazirning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning harakatlari uning kelajakdagi tinchligi va xavfsizligi istiqbollarini xavf ostiga qo‘yadi.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar