Netanyaxu ham BMTda chiqish qiladi

Olam

image

Isroil hukumati rahbari Binyamin Netanyaxu, Livanda harbiy operatsiya boshlanganiga qaramay, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi uchun Nyu-Yorkka borish rejalarini o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda uning idorasi ma’lum qildi.

"Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bugun tunda emas, ertaga, payshanba kuni BMTga boradi va shanba oqshomida qaytadi. Bosh vazir Livandagi hujumlarni muhokama qilish uchun kun davomida xavfsizlik xodimlari bilan maslahatlashadi", deyiladi bayonotda.

23 sentyabr kuni Isroil Livanda "Shimolning o‘qlari" deb nomlangan "oldindan hujum operatsiyasi" boshlanganini e’lon qildi. Qayd etilishicha, amaliyot doirasida Isroil qo‘shinlari “Hizbulloh”ning harbiy infratuzilmasiga zarbalar bermoqda. Belgilangan maqsad Isroilning shimoliy chegara hududlarida 2023 yil 8 oktabrdan beri “Hizbulloh” bo‘linmalari tomonidan doimiy o‘qqa tutilishi tufayli evakuatsiya qilingan o‘n minglab mahalliy aholining u yerga qaytishi uchun xavfsiz sharoitlar yaratishdan iborat.

Ma’lumot uchun, Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi ziddiyatning yangi bosqichi Livanda 17 va 18 sentyabr kunlari bir qator aloqa qurilmalari portlashidan so‘ng boshlandi. Livan harakati portlashlarni uyushtirganlikda Isroilni aybladi, uning rasmiylari voqea haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermadi, biroq shimoliy yo‘nalishda harbiy amaliyotlar faollashganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Isroil harbiy-havo kuchlari Livan janubidagi chegara hududlariga katta zarbalar berishni boshladi va bu zarbalar hali ham to‘xtamadi. Minglab tinch aholi Isroil hujumidan qochish uchun o‘z uyini tashlab Suriya tomon yo‘l oldi.Suriyada Livandan borganlarga ko‘maklashish uchun shifoxonalar 24 soatlik rejimga o‘tkazildi. Iroq hukumati ham livanliklar uchun bepul viza joriy qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi umumiy siyosiy muhokamada G‘azo sektoridagi vaziyat davom etayotgan dahshatli tushga o‘xshashini aytib, Livan tez orada ikkinchi G‘azoga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Bin'yamin Netan'yaxu BMT Bosh Assambleyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing