Nepalda Z-avlod va armiya vaqtinchalik yetakchi tayinlash uchun muzokara o‘tkazmoqda
Olam
−
11 Sentabr 3352 2 daqiqa
Nepal armiyasi bugun, 11 sentyabr kuni “Z-avlod” namoyishchilari bilan yangi vaqtinchalik yetakchini tayinlash masalasida muzokaralarni davom ettiradi. Bu haqda armiya matbuot kotibi Radja Ram Basnetga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu 30 kishining o‘limiga va bosh vazirning iste’fosiga olib kelgan qonli namoyishlardan keyin amalga oshmoqda. Sarbozlar poytaxt Katmandu ko‘chalarini qo‘riqlab turibdi. Bu so‘nggi yillardagi eng yirik noroziliklardan biri edi. Hukumat ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaganidan keyin namoyishlar boshlandi va politsiya ko‘pchilikni tarqatish uchun ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘q ishlatdi. Dastlab 19 kishining o‘limi ortidan hukumat taqiqni bekor qildi.
“Dastlabki muzokaralar boshlandi va bugun davom etadi. Biz vaziyatni asta-sekin barqarorlashtirishga harakat qilyapmiz”, dedi matbuot kotibi Radja Ram Basnet vaqtinchalik yetakchini tanlashga oid muhokamalarga ishora qilib.
Nepal Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 11 sentyabr kuni namoyishlarda halok bo‘lganlar soni 30 nafarga yetgan, yaralanganlar soni esa 1 033 kishini tashkil etgan.
Armiya bayonotiga ko‘ra, Katmandu va uning atrofida kuning ko‘p qismida harakatlanishga taqiq saqlanib qoladi. Ayni paytda aeroport rasmiysi xalqaro parvozlar amalga oshirilayotganini bildirdi.
Namoyishlar xalq orasida “Z-avlod” harakatlari deb atalmoqda. Chunki qatnashchilarning asosiy qismi yoshlar bo‘lib, ular hukumatning korrupsiyaga qarshi kurasha olmayotgani va iqtisodiy imkoniyatlar yarata olmayotganidan norozi.
Oliy sud advokatlar uyushmasi kotibi Raman Kumar Karnaning ma’lum qilishicha, namoyishchilar Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini vaqtinchalik bosh vazir sifatida tayinlashni talab qilgan. Ularning taklifiga javoban Karki hind televideniyesi CNN-News18’ga shunday dedi:
“Ular mendan so‘rashganda, men rozi bo‘ldim”.
Namoyishlar davomida Oliy suddan tortib vazirlarning uylarigacha, jumladan, sobiq bosh vazir Olining shaxsiy uyigacha yoqib yuborildi. Namoyishlar faqat bosh vazir iste’fo berganidan keyin to‘xtadi.
Yong‘indan zarar ko‘rgan tijorat binolari orasida sayyohlar shaharchasi Pokxaradagi bir necha mehmonxonalar va Katmandudagi Hilton mehmonxonasi ham bor.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr