Parlament yoqilib, yetakchi ag‘darildi. Nepaldagi Z-avlodning qonli namoyishlari haqida nimalar ma’lum?

Olam

image

Nepalda “nepo bolalar” (Nepal siyosatchilarining farzandlari)ning hashamatli hayotiga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan Z-avlod yetakchiligidagi harakat natijasida Bosh vazir ag‘darildi va mamlakat so‘nggi yillardagi eng qonli noroziliklarni boshdan kechirdi.

Bugun, 10 sentyabr kuni ertalab komendantlik soatiga amal qilayotgan Katmanduning hali ham tinch ko‘chalarida osmon ustidan qora tutun ko‘tarilardi. Shaharda yetakchisi yo‘q Z-avlodi harakati, armiya va Prezident o‘rtasida ehtimoliy uchrashuv haqida mish-mishlar tarqaldi.

Bu ikki kecha davom etgan xaosdan so‘ng paydo bo‘lgan noaniq osoyishtalik edi. Shu kunlarda yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqib o‘z g‘azabini ifoda etdi, parlament va Oliy sudni – davlatning asosiy ramzlarini – yoqib yubordi hamda ularni to‘xtatish uchun yuborilgan xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashdi.

Noroziliklar qanday boshlandi?

Noroziliklar sentyabr oyi boshida boshlandi. Yosh nepalliklar siyosatchilarning farzandlari dizayner sumkalari va qimmatbaho sayohatlarini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etib turganini ko‘rib charchagandi, holbuki oddiy xalq kun ko‘rish uchun kurashmoqda edi.

Yoshlar orasida ishsizlikning kuchayishi va iqtisodiy imkoniyatlarning yo‘qligi sabab ko‘p yillardan beri g‘azab yig‘ilib kelayotgan edi. Bu elita va oddiy odamlar orasidagi katta farq bilan ham bog‘liq edi.

Himalaydagi 30 million aholiga ega mamlakatda xabar tez tarqaldi. Hukumatning o‘tgan haftada Instagram, Facebook, WhatsApp va yana yigirmadan ortiq ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashi esa olovga yog‘ purkagandek bo‘ldi.

“Yig‘ilib kelgan g‘azab aynan shu harakatga olib keldi,” dedi namoyishlarda qatnashgan Sarisha Shreshta CNN’ga. 

U ijtimoiy tarmoq taqiqini “so‘nggi tomchi” deb ta’rifladi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 15-24 yoshli yoshlar orasida ishsizlik 20,8% ni tashkil etdi. Bu ko‘pchilik yoshlarni xorijda ish izlashga majbur qilgan. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismidan ko‘pi (33,1%) xorijdan yuboriladigan pullarga to‘g‘ri keladi.

“Ijtimoiy tarmoq – biz gaplashadigan, fikr almashadigan va dunyo ommaviy axborotini kuzatadigan yagona maydon. Do‘stlarimiz, oilalarimiz, aka-ukalarimiz chet elda. Shu bois bu – aloqaning asosiy vositasi edi”, dedi namoyishlarda ishtirok etgan nepallik film ishlab chiqaruvchi Pramin.

Qonli kecha

8 sentyabr kuni ertalab Katmandu markazidagi parlament binosi yaqinida, Maytӣg‘ar Mandala yodgorligi oldida minglab yoshlar, hatto maktab formasidagilar ham yig‘ildi.

Biroq namoyishlar tez orada nazoratdan chiqdi. Ayrimlar parlament darvozasiga chiqib oldi, politsiya bilan to‘qnashdi. “Reuters”ga ko‘ra, politsiya o‘q otdi, suv sepdi va ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatdi.

Nepallik rasmiylarning aytishicha, 8 sentyabrdagi to‘qnashuvlarda kamida 19 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar yaralandi.

“O‘sha paytda hammamiz umidsiz va ojiz bo‘lib qoldik,” dedi Shreshta.

Bosh vazirning ag‘darilishi

Zo‘ravonliklar ortidan ichki ishlar vaziri hamda bir necha hukumat a’zolari iste’fo berdi. Bu esa mamlakatda ham, jahon hamjamiyatida ham katta g‘azab uyg‘otdi.

9 sentyabr kuni namoyishlar yanada kengaydi. Har xil yoshdagi odamlar komendantlik soatiga qaramay ko‘chalarga chiqdi va hukumatning qonli tazyiqlariga qarshi turdi.

“Z-avlod hisobdorlik va adolatli tergov talab qildi. Ular korrupsiya va siyosatchilar farzandlarining hashamatli hayotidan charchadi. Afsuski, biz hukumatning ortiqcha kuch ishlatib, yoshlarni o‘ldirganiga guvoh bo‘ldik”, dedi namoyishchilardan biri Shri Gurung.

Shundan so‘ng vaziyat yanada og‘irlashdi. Namoyishchilar do‘kon va muassasalarning oynalarini sindirdi, hukumat binolarini yoqib yubordi. Zo‘ravonliklar tufayli mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti yopildi.

Oliy sud va Singhadarbar – hukumat vazirliklari joylashgan Katmandudagi keng hukumat majmuasi – ham yong‘inda vayron bo‘ldi.

Singhadarbar ustidan Nepal bayrog‘ini ko‘tarib turgan namoyishchilar aks etgan suratlar tarqaldi. Bu manzara o‘tgan yili qo‘shni Bangladeshda hukumatni ag‘dargan talabalar harakatini eslatdi.

“Reuters” ma’lumot berishicha, namoyishchilar bosh vazir KP Sharma Olining shaxsiy uyini ham vayron qilib, mebellarni sindirib, keyin yoqib yuborgan.

Z-avlodning e’tirozi

Namoyishchilarning ko‘pchiligi o‘z harakatlarini tartibsizlik va talonchilikdan uzoqlashtirishga urindi. Ular bunday zo‘ravonliklarni harakatni buzish uchun kirib olgan “fursatparastlar”ga yukladi.

“Hammasini yo‘q qilishdi,” dedi advokat Sahadev Xatri.

“Bu binolar shunchaki g‘isht emas. Ular tariximizni, merosimizni ifoda etadi,” dedi Shreshta.

9 sentyabr kuni Oli iste’fo berdi. Uning yordamchisi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan maktubida “mamlakatdagi noodatiy vaziyat” sabab sifatida ko‘rsatilgan edi.

Noaniq kelajak

Katmandu ko‘chalarida tutun qora bulut bo‘lib ko‘tarilar, askarlar avtomat ko‘targan holda qo‘riqlab turgan bir vaqtda fuqarolar “endi nima bo‘ladi?” degan savol bilan qoldi.

Prezident Ramchandra Paudel tinch yo‘l bilan yechimga kelishga chaqirdi va yosh namoyishchilarni muloqotga chorladi.

Biroq 10 sentyabr kuniga kelib, hukumat va yetakchisi yo‘q yoshlar harakati o‘rtasida uchrashuv belgilangani yoki belgilanmagani hali aniq emas edi. CNN bilan suhbatlashgan ayrim namoyishchilar esa yangi rahbariyatda Z-avlod vakillari ko‘proq bo‘lishini istashlarini aytishdi.

“Menimcha, Nepal yangi yuzlarni, yoshlar bilan tajribalilarni birga ko‘rishga tayyor,” dedi Xatri.

Boshqalar esa, hukumat sinfi o‘z tarixidagi eng katta sinovdan keyin qanday javob berishini xavotir bilan kutmoqda.

“Hozir hammasi juda noaniq. WhatsApp’dagi barcha guruhlar qo‘rquv va bahs-munozaralar bilan to‘lib ketgan. Biz tinchlik bilan namoyishga chiqqan talabalar ham ta’qib qilinadi, deb qo‘rqyapmiz” dedi 24 yoshli huquqshunoslik yo‘nalishi talabasi.

Jamoat siyosati tahlilchisi Binay Mishraning aytishicha, bosh vazir iste’fo berganidan so‘ng, Prezident parlamentni chaqirib, yangi hukumat tuzishni talab qiladi. Hozirgi vaqtda hech bir partiya aniq ko‘pchilikka ega emas. Shu bois parlament vaqtinchalik hukumat tuzishi ehtimoldan xoli emas. Unda “Z avlodi” tashkilotlari ham ishtirok etishi mumkin.

Oli esa iste’fodan oldin bergan bayonotida hukumati “Z avlodining talablariga qarshi emas”ligini, sodir bo‘lgan voqealardan “chuqur qayg‘uda” ekanini aytgan. Biroq u bu zo‘ravonliklarda “ayrim manfaatdor guruhlarning aralashuvi” borligini qayd etgan, ammo ularning kimligiga aniqlik kiritmagan.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Nepal Sharma Oli Z-avlod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing