Z-avlod xavotirda: SI ko‘plab ish o‘rinlariga da’vogarlik qilyapti
Bu qiziq
−
20 may 1406 2 daqiqa
Sun’iy intellekt sabab yirik kompaniyalarda minglab xodimlar ishdan bo‘shatilmoqda. Bu esa yoshlar orasida texnologiyaga nisbatan xavotir va norozilikni kuchaytirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Standard Chartered kompaniyasi 7 mingdan ortiq ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qilgan. Kompaniya ayrim vazifalarni sun’iy intellekt bajarishini rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Meta global ishchi kuchining qariyb 10 foizini qisqartirish ustida ishlayotgani aytilmoqda. Amazon esa samaradorlikni oshirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida 30 ming korporativ ish o‘rnini bekor qilgan. Block kompaniyasi ham xodimlarining deyarli yarmini qisqartirgani qayd etilgan.
Bu holatlar ortidan yoshlar orasida sun’iy intellektga nisbatan salbiy munosabat kuchaymoqda. Ayniqsa mehnat bozoriga endi kirib kelayotgan Z-avlod vakillari texnologiyalar kelajakda ularning ish o‘rinlarini egallab olishidan xavotir olmoqda.
Google’ning sobiq bosh direktori Erik Shmidt Arizona universitetida qilgan chiqishida sun’iy intellektning ta’siri “har bir kasb, har bir laboratoriya va har bir inson hayotiga” yetib borishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar oldingi texnologik inqiloblardan ham tezroq va kuchliroq bo‘ladi.
Gallup kompaniyasining aprel oyidagi tadqiqoti ham yoshlar orasida xavotir kuchayganini ko‘rsatdi. So‘rovda qatnashganlarning qariyb yarmi sun’iy intellektning xavfi foydasidan ustun ekanini bildirgan. Hisobot mualliflari so‘nggi bir yil ichida yoshlarning texnologiyaga nisbatan salbiy kayfiyati sezilarli darajada oshganini ta’kidlagan.
Shunga qaramay, ko‘plab kompaniyalar sun’iy intellektni biznesning ajralmas qismiga aylantirishda davom etmoqda. Mutaxassislar esa yaqin yillarda bu texnologiya mehnat bozori va kundalik hayotni tubdan o‘zgartiradi deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta kompaniyasi sun’iy intellekt sababli katta miqyosda xodimlarni qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi