Nepalda namoyishlar vaqtida 14 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
08 Sentabr 2025 2194 2 daqiqa
Nepalda politsiyaning namoyish paytida o‘q uzishi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni shifokorlarga tayanib, “The Kathmandu Post” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, oldinroq Nepal hukumati belgilangan muddatda Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan bir qator yirik ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini taqiqlashga qaror qilgan. Taqiqqa Meta, Alphabet (YouTube), X (sobiq Twitter), Reddit va LinkedIn kabi platformalar tushgan. Nepal "Kommunistik" partiyasi (maoistik markaz)ning yirik muxolifat partiyasi bo‘lgan parlamentdagi vakili, partiya tashkilotchisi Xit Raj Pandi bu qarorni qabul qilib bo‘lmaydi deb baholagan va ijtimoiy tarmoqlar yopilishi mamlakatda tartibsizliklarga olib kelishidan ogohlantirgan.
Mahalliy aholining bir qismi hukumat harakatlaridan norozilik bildirish uchun Nyu-Baneshvarda to‘plangan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi cheklovlar va hukumatdagi korrupsiyaga qarshi namoyish o‘tkazgan va politsiya tomonidan keskin bostirilgan.
“Nyu-Baneshvar tumanida namoyish vaqtida politsiya o‘q otishi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan va zaruriy yordam olmoqda, kamida 10 kishi og‘ir ahvolda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyada mehnat sharoitlari va ish haqlaridan norozilik ortidan namoyishlar boshlangan edi. Joriy yilning 28 avgust kuni politsiyaning zirhli mashinasi mototaksi haydovchisini urib yuborishi oqibatida halok bo‘lganidan so‘ng namoyishlar yanada kuchaygan. Keyinchalik, 30 avgust kuni yirik shaharlarda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan, oqibatda uch kishi halok bo‘lgandi.
Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto 31 avgust kuni Jakartadagi ommaviy namoyishlardan so‘ng parlament a’zolari uchun qo‘shimcha to‘lovlar haqidagi qarorni qaytarib oldi va namoyishchilarning talablariga quloq tutdi. Shuningdek, u parlament a’zolari uchun chet el xizmat safarlariga taqiq joriy qildi.
Live
Barchasi