Nepal Moliya vaziri olomon tomonidan kaltaklandi (video)

Olam

image

Bugun, 9 sentyabr kuni Nepal Moliya vaziri Bishnu Prasad Paudel namoyishchilar tomonidan kaltaklandi. Bu haqda NDTV nashri xabar berdi.

Internetda tarqalgan videoda 65 yoshli Paudelning Katmandu ko‘chalarida qochib ketayotgani, uning ortidan esa yuzlab odamlar quvib kelayotgani aks etgan. Qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan yosh namoyishchilardan biri sakrab vazirni tepgan, u muvozanatini yo‘qotib, qizil devorga urilib, yiqilgan.

“Nepal Moliya vaziri Bishnu Prasad Paudel namoyishchilar tomonidan kaltaklandi”, deyiladi nashr xabarida.

“Khabarhub” nashriga ko‘ra, norozilik namoyishlari chog‘ida sobiq bosh vazir va Kongress partiyasi rahbari Sher Bahodur Deuba hamda uning rafiqasiga ham hujum qilingan. Namoyishchilar Prezident qarorgohi hududiga ham kirib borgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat poytaxti Katmanduda ikki kundan beri ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar sababli keng ko‘lamli norozilik namoyishlari davom etmoqda. Nepal hukumati 4 sentyabr kuni mashhur ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar – WhatsApp, Facebook va Instagram faoliyatini to‘xtatib qo‘ygandi. Bunga sabab sifatida platformalarning Nepal Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligida majburiy ro‘yxatdan o‘tmagani ko‘rsatildi. Namoyishchilar, shuningdek, davlat institutlari faoliyatida oshkoralikni kuchaytirishni talab qilmoqda.

“The Himalayan Times” nashri xabariga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida jabrlanganlar soni 500 kishiga yetgan. Hokimiyat parlament atrofida va shahar markazidagi muhim nuqtalarda komendantlik soati joriy qilishga majbur bo‘lgan. Keng ko‘lamli norozilik va zo‘ravonlik to‘lqiniga javoban Nepal hukumati tarkibidagi to‘rt nafar vazir iste’fo bergan. Lavozimini tark etganlar orasida Ichki ishlar vaziri, Qishloq xo‘jaligi vaziri, Sog‘liqni saqlash vaziri va Suv ta’minoti vaziri bor. Bosh vazir Sharma Oli bugun, 9 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da partiyalararo yig‘ilish o‘tkazilishini e’lon qildi. Biroq Katmandu markazidagi yangi to‘qnashuvlardan bir necha soat o‘tib, mamlakat Prezidenti Ramchandra Paudel Sharma Olini iste’foga chiqardi.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Moliya vaziri Nepal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing