Nemischa oldi-berdi
Tahlil
−
18 Sentabr
9415Migratsiya inqirozi va energetik qaramlikni tugatib, uning ta’minotini diversifikatsiya qilish. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Germaniyadek Yevropaning eng qudratli davlatini shu ikki muammo ancha qiynab qo‘ygan. Ammo siz-u bizga qiziq bir holat shuki, mazkur muammolarga yechim Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘istondan izlandi. O‘tgan 3 kun ichida 15, 16 va 17 sentyabr kunlari Germaniya kansleri Olaf Shols rasmiy tashrif bilan Markaziy Osiyo davlatlari O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘ldi. Muzokaralar va ularda imzolangan hujjatlarga ko‘ra, voqeliklar haqiqiy nemischa hisob-kitob ruhida o‘tganday tuyuldi. Tashrifi juda uzoq kutilgan kansler ikki qo‘shni va qardosh davlatdan nima oldi, evaziga esa nima berdi? Bugun bir qarashda haqiqiy nemischa ruhda o‘tgan o‘ta manfaatli kelishuvlardagi asosiy nuqtalarga to‘xtalamiz.
Afg‘onlar va malakali o‘zbeklar barteri
Germaniya – migratsiyadan eng ko‘p aziyat chekayotgan Yevropa davlatlaridan biri. Buni raqamlar ham ochiq-oydin tasdiqlaydi. 2023 yil sentyabr oyida 21 366 kishi noqonuniy ravishda Germaniyaga kirib borgan. Bu so‘nggi yillardagi eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida Germaniyaga noqonuniy ravishda 92 119 kishi kirib borgan, bu esa butun 2016 yil davomida mamlakatga noqonuniy tarzda kirgan 112 000 kishidan vaqt kesimi bo‘yicha ko‘proq. Migratsiya siyosatidagi nazoratdan chiqib ketgan abgor ahvol uzoq vaqtdan beri butun Yevropa va Germaniyada qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lib, siyosatchilarga samarali migratsiya siyosatini ishlab chiqish uchun bosim o‘tkazishda davom etadi. Xususan, Germaniyaning eng samarali kansleri Angela Merkel ham 2015 yilda ushbu jarayonni jilovlay olmagani uchun aholi orasidagi reytingi o‘zining eng past nuqtalaridan biriga tushib ketgandi.
Biroq bu hali hammasi emasdi. 2021 yil avgust oyida Afg‘onistondagi siyosiy beqarorlik nafaqat mintaqaga, balki butun dunyo hamjamiyatiga jiddiy ta’sir qildi. Uzoq yillik kurashlardan so‘ng “Tolibon”ning hokimiyatga kelishi ularga ishonchsizlik bildirgan ko‘plab afg‘onlarning mamlakatni tashlab qochishiga sabab bo‘ldi. O‘shanda rasmiy Berlin dastlab 33 ming nafar, keyinchalik yana 11 ming qochqinni o‘ziga qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ammo Afg‘onistondagi yomon yashash sharoiti va boshqa omillar tufayli Tolibonning hokimiyat tepasiga kelishidan oldin ham keyin ham afg‘on qochqinlari uchun Berlin so‘nggi ilinj vazifasini o‘tagan. Xususan, 2013 yil oxirida bundaylar soni Germaniyada 67 mingga yaqin bo‘lgan. Ammo 2021 yil avgust oyidan, ya’ni Tolibon qaytishidan boshlab Germaniyada yashovchi afg‘onistonliklarning umumiy soni asta-sekin 395 ming nafarga yetgan. Bunday yuqori o‘sish esa so‘nggi yillarda afg‘onlar Suriya fuqarolarini ortda qoldirib, Germaniyada himoyaga muhtoj bo‘lgan eng yuqori demografik o‘rinni egallashiga sabab bo‘ldi. Migrantlar masalasi har doim har bir davlatda ziddiyatli bo‘lib kelgan. Bugun esa bunday jarayon hatto migrantlar mamlakati AQSHda ham yo‘q emas va bu uning siyosiy doiralarida ham salbiy qarshi olinmoqda. Mamlakatda turmush sifatining yomonlashuvi, ishsizlik va kriminogen holat ko‘pincha migrantlar bilan chambarchas bog‘lanadi, garchi bu 100 foiz aniq bo‘lmasa-da. Shunday sharoitda bugun Germaniya rasmiylari ham migratsiyaga qarshi ochiqdan ochiq urush e’lon qilgan. Iyun oyida mamlakatning uchta hukmron koalitsiya partiyasi rahbarlari muammoni muhokama qilish uchun Berlinda uchrashdi. O‘sha uchrashuvda Olaf Shols, “biz nihoyat Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmaganlarni katta miqyosda deportatsiya qilishimiz kerak”, dedi. U shuningdek, mamlakatning qarib qolgan ishchi kuchlari o‘rniga malakali immigrantlarni jalb qilish zarurligini ham ta’kidlagandi.
Ommaviy deportatsiya va malakali ishchilarni jalb qilish. Shuni eslab qoling, chunki keyingi voqealar va bunda O‘zbekistonning ishtiroki aynan shu masala bilan uzviy bog‘liq. Yuqoridagi bayonotlar yangragan paytda nufuzli xorij OAVlari Berlin va Toshkent o‘rtasida qiziq bir manfaatli oldi-berdi sodir bo‘lishi haqida yozishni boshladi. QALAMPIR.UZ o‘sha paytda “Bloomberg” manbalariga tayanib, “O‘zbekiston Germaniyaga afg‘on qochqinlari orqali shart qo‘ymoqchi” mazmunidagi xabarni e’lon qilgandi. Xabarda yozilishicha, joriy yilning may oyi oxirida Germaniya rasmiy delegatsiyasi Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirig‘i bilan migratsiya va deportatsiya shartnomasini muhokama qilish uchun Toshkentga kelgan. Unga ko‘ra, boshpana berilmagan va Germaniyadan deportatsiya qilingan cheklangan miqdordagi afg‘onlar O‘zbekistonga yuborilishi rejalashtirilgan. Toshkent esa ularni qo‘shni Afg‘onistonga jo‘natishi kerak bo‘lardi. Aniqlik kiritilishicha, muzokaralarda O‘zbekistonning vositachi bo‘lishi, Germaniyaga “Tolibon” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilishdan qochish imkonini berishi kerak edi. Germaniyaning muloqotdan qochishiga sabab, rasmiy Berlin Afg‘onistonda hokimiyat tepasida bo‘lgan “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olmasligidir.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 2022 yilda Pokistonga tashrifi davomida dahshatli sharoitlar ostida inson huquqlari buzilar ekan, Germaniya "Tolibon"ni Afg‘onistonning qonuniy egasi sifatida tan olmasligini aytgandi. Xo‘sh, ko‘plab afg‘onlarni o‘z yurtiga deportatsiya qilish orqali Germaniyadagi noqonuniy migratsiyani biroz bo‘lsa-da tartiblashtirish faqat rasmiy Berlinninggina mushkulini oson qilardi. Ammo O‘zbekiston bundan qanday foyda ko‘radi? Bu masalada vositachi sifatida rasmiy Toshkentning o‘z shartlari mavjud ekanligi haqida ham xabarlar tarqalgandi. O‘zbekistonlik rasmiylar kelishuvga malakali ishchilarning O‘zbekistondan Germaniyaga qonuniy migratsiyasiga ruxsat beruvchi ikki tomonlama tizim yo‘lga qo‘yilishini istaydi. Sodda qilib aytganda Germaniyadan chiqarib yuboriladigan afg‘onlarni o‘z yurtiga o‘tkazib yuborish evaziga, malakali o‘zbek ishchilarini nemis yerlariga mo‘may maosh evaziga yuborish. Ikki mamlakat o‘rtasidagi mazkur muloqotga ko‘pchilik ishonchsizlik bilan qaragan bo‘lsa-da, bugun buning deyarli amalga oshish arafasida ekanligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ortda qolgan kunlarda ko‘hna Samarqandda Shols va Mirziyoyev o‘rtasida imzolangan shartnoma va hujjatlar buni isbotlaydi. Unga ko‘ra, rasmiy tashrif doirasida 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan migratsiya va mobillik sohasida ham. O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya bo‘yicha imzolangan hujjatga ko‘ra, endilikda 800 dan ortiq o‘zbekistonlik hamshira Germaniyaga ishlashga yuboriladi. Bundan tashqari, Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda avtobus haydovchilari va poyezd operatorlari tayyorlanmoqda. Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Behzod Musayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyaga 2200 yevro maoshga jo‘natiladi. Demak, O‘zbekiston tomoni bu masalada o‘z maqsadiga erishdi. Agar yuqorida tilga olganimiz, migratsiya sohasidagi o‘zaro manfaatlar haqiqatga yaqin bo‘lsa, tez orada Germaniyadan chiqarib yuborilishi kutilayotgan noqonuniy afg‘on migrantlarining Termiz orqali o‘z uylariga istar-istamas qaytishlariga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Berlinning Ostona energetikasidagi ilinji
Germaniya o‘z iqtisodiyoti uchun eng kerakli resurslardan biri gazning uchdan bir qismini urush boshlangunga qadar Rossiyadan olgan va uning energetikasiga qaram bo‘lgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Rossiyadan kirib keladigan gaz Germaniya uchun ushbu sohadagi umumiy importning 32 foizini tashkil qilgan. Neft importidagi holat esa bundan-da qaramroq bo‘lib, umumiy importning 34 foizdan oshiqrog‘ini tashkil qilgan. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandan so‘ng uning ulkan hajmdagi gazidan voz kechgan nemis hukumati endi bu bozorni diversifikatsiya qilmoqchi. Qozog‘istonga C5+1 formati bahonasida qilingan tashrif ham bejizga emas. Samarqanddan Qozog‘iston poytaxti Ostonaga yo‘l olgan Sholsning Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bilan muddaosi ham gaz va neft yetkazib berishni kengaytirish. Umuman olganda, energetika masalasi. Qozog‘iston Germaniyaga neft yetkazib berish bo‘yicha Norvegiya va AQSHdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Germaniya import qiladigan neftning qariyb 11,7 foizi aynan Qozog‘istondan olinadi. Ayni damda yetkazib berish hajmi oyiga 100 ming tonnani tashkil etadi. Sholsning tashrifi chog‘ida ikki davlat 2024-yil oxirigacha bu miqdorni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishish nazarda tutilgandi. Bildirilishicha, To‘qayev ham energetika sohasini ikki davlat hamkorligining yana bir ustuvor yo‘nalishi deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston Germaniya bozoriga neft eksportini oshirishga tayyor. Rasmiy Ostona Putin Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Rossiyaning Germaniya neft importidagi ulkan o‘rnini egallashga kirishdi. Hozir ham Ostona bu sohada otni qamchilashda davom etmoqda va bundan mutlaqo manfaatdor. To‘qayev ham Sholsning chaqirig‘iga labbay deya javob qaytardi. U xomashyoni yuqori sifatdagi zamonaviy texnologiyalarga almashish istagini bildirdi. Teng va samarali kechgan muloqotda Shols Qozog‘iston bilan iqtisodiy munosabatlar imkoniyatlarini yaxshilash uchun hamma narsani qilishga tayyorligi va xomashyo sohasida doimiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Tashrif davomida iqtisodiy maqsadlardan biroz chetlashgan rahbarlar siyosiy jarayonlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. To‘qayev Shols taklifiga binoan Ukraina atrofidagi vaziyat haqida og‘iz ochar ekan, dunyo uchun biroz ziddiyatli bayonot bilan chiqdi. U ba’zilar uchun kutilgan, ba’zilar uchun esa mutlaqo kutilmagan tarzda Rossiyani harbiy jihatdan yengilmas deya ta’rifladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston rahbari ko‘pchilik, xususan Ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy tomonidan tanqid ostiga olingan Xitoy va Braziliyaning tinchlik rejasini maqtadi.
“Gap shundaki, Rossiya harbiy jihatdan yengilmas. Urushning yanada avj olishi butun insoniyat va birinchi navbatda, Rossiya-Ukraina mojarosida bevosita ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar uchun tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Afsuski, Istanbul bitimini tuzishdan bosh tortish bilan hech bo‘lmaganda sulhga erishish uchun yaxshi imkoniyat yo‘qoldi. Ammo tinchlik uchun imkoniyat hali ham mavjud. Turli davlatlarning barcha tinchlik tashabbuslarini diqqat bilan ko‘rib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish, keyin hududiy masalalarni muhokama qilishga o‘tish kerak. Bizningcha, Xitoy va Braziliya o‘rtasidagi tinchlik rejasi qo‘llab-quvvatlashga loyiq. Davlat rahbarlari kelib-ketadi, lekin xalqlar, ayniqsa, qo‘shni xalqlar tinch va o‘zaro hamjihatlikda yashashi kerak. Qozog‘iston Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Qozog‘istonda ular Ukraina xalqiga va uning o‘ziga xos madaniyatiga chin dildan hamdardlik bilan qarashadi. Davlatlarimiz o‘rtasida hech qachon kelishmovchilik bo‘lmagan. Kiyevda mamlakatimiz elchixonasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda”, dedi Qozog‘iston rahbari.
Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalardagi muzokara va hujjatlar o‘z o‘rniga, ammo tashrifning eng esda qolarli voqeliklaridan biri bu bevosita jurnalistlar bilan sodir bo‘lganini ham alohida ta’kidlash lozim. O‘sha kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Germaniya kansleri Olaf Shols o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma matbuot anjumani Qozog‘iston tomonining tashabbusi bilan kutilmaganda bekor qilindi. Biroq shunga qaramay Shols To‘qayev bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Qozog‘iston rasmiylarining bunday qadamini naqadar mehmondo‘st deb bilishi haqidagi savolga javob berar ekan, kansler har qanday holatda ham butun dunyo bo‘ylab jurnalistlar uchun yaxshi sharoit yaratilishini chin dildan istashini ta’kidlagan.
“Men shuning uchun, bunga ozgina hissa qo‘shish maqsadida sizning oldingizda turibman”, deydi u.
Shunday qilib, kanslerning Markaziy Osiyoga tashrifi shu taxlitda kechdi va yuqoridagi kabi voqea – hodisalar bilan esda qoldi.
LiveBarchasi